O‘zbekiston Eronni yengdi, Anorbank aksiyadori «qora ro‘yxat»da — 24-sentabr yangiliklari

O‘zbekiston terma jamoasi Eronni ishonchli hisobda yengdi, Anorbank aksiyadori Interpol qidiruviga berildi — 24-sentabr yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.
O‘zbekiston Eronni ishonchli hisobda mag‘lub etdi

Fabio Kannavaro boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Farg‘onada Eronga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bahs «Istiqlol» stadionida o‘tkazildi.
O‘zbekiston hisobni 10-daqiqada ochdi. Eldor Shomurodov Eron himoyachilarining xatosidan unumli foydalanib, milliy jamoani oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘limda boshqa gol urilmadi.
Interpol Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimovni xalqaro qidiruvga berdi

O‘zbekistonlik moliyachi va Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov Interpol‘ning xalqaro qidiruv bazasiga kiritildi. Uning Red Notice («qizil bildirishnoma»)si tashkilotning ochiq ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan.
Interpol ma’lumotlariga ko‘ra, Olimov 1977-yil 7-mayda Andijon viloyatida tug‘ilgan va O‘zbekiston fuqarosi. U o‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi. 1999-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutining «Moliya va kredit» yo‘nalishini tamomlagan, keyinchalik Davlat boshqaruvi akademiyasi huzuridagi Oliy biznes maktabida MBA darajasini olgan. Bu ma’lumotlar Anorbankning rasmiy saytida ham keltirilgan.
Javohir Sindarov qanday avtomobilda yuradi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov nafaqat shaxmat taxtasidagi natijalari, balki uning hayoti, safarlari va olgan sovg‘alari bilan ham muxlislar e’tiborida. Kursiv Uzbekistan shaxmatchining ochiq manbalardagi ma’lumotlari asosida uning avtomobili, olgan qimmatbaho sovg‘alari va xorijdagi safarlariga nazar tashladi.
Chiqindi uchun 150 so‘m: Toshkentda fandomat ishga tushirildi

Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini maxsus fandomatlarga topshirish tizimi sinov tariqasida ishga tushirildi. Har bir qabul qilingan idish uchun fuqarolarga 150 so‘mgacha rag‘bat puli beriladi.
Loyiha Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Norvegiyaning TOMRA kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Saida Mirziyoyeva BMT minbarida nimalar haqida gapirdi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida so‘zga chiqib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ustuvor yondashuvlari haqida gapirdi.
BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi umumiy munozaralari 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda boshlandi. Sessiyaning yuqori darajadagi haftaligi 18 – 28-sentabr kunlari o‘tkazilmoqda.
Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram kanalida dunyoda ziddiyatlar kuchayib, o‘zaro ishonch kamayib borayotgan bir paytda O‘zbekiston ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va muloqot tamoyillariga sodiq qolishini ta’kidladi.
Missiya davom etadi: ikki Nodirbek ham oltin uchun kurashda — Shaxmat olimpiadasining 7-turi natijalari

46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining yettinchi turida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Xitoyni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Mezbonlar ochiq bo‘limdagi yakka peshqadamligini saqlab qoldi va eng yaqin ta’qibchilaridan ikki jamoaviy ochkoga o‘zib ketdi.
O‘zbekiston oq donalarda o‘ynagan birinchi va uchinchi doskalarda g‘alaba qozondi, qolgan ikki partiya durang bilan yakunlandi.
Ronaldu o‘zining asosiy maqsadini aytdi

41 yoshli Krishtianu Ronaldu faoliyatidagi 1000-gol marrasiga yetish va Portugaliya bilan yana Millatlar ligasida g‘olib chiqishni oldiga maqsad qilib qo‘yganini aytdi. Futbolchi 1000 ta gol urish uning uchun vasvasa emasligini, biroq bu marraga albatta yetishini ta’kidladi. Ronaldu bu haqda 23-sentabr kuni Portugaliya Football Summit tadbirida, terma jamoaning Uelsga qarshi Millatlar ligasi o‘yini oldidan gapirdi.
Siyosatdan yiroq odam, yuragidagi bor gapni gapirdi — Mirziyoyev (video)

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrifi davomida oqsoqollardan birining «Notinch dunyoda tinch mamlakat bor – bu O‘zbekiston» degan gapini alohida ta’kidladi.
Davlat rahbari Andijonda kechasi kam uxlaganini aytib, viloyatdagi masalalar ko‘pligi haqida gapirdi.
Pokiston Afg‘onistonga yana zarba berdi. Qurbonlar bor

Pokiston 23-sentabr kuni Afg‘onistondan uchirilgan dronlar hujumiga javoban qo‘shni davlat hududidagi 10 ta obyektga havo va dron zarbalari berganini ma’lum qildi. Afg‘oniston tomoni esa zarbalar oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar borligini bildirdi.
Pokiston axborot vaziri Attaulla Tararning ma’lum qilishicha, 24-sentabrga o‘tar kechasi Afg‘oniston hududidagi dronlarni uchirish va saqlash uchun foydalanilgan 10 ta joyga «aniq» havo va dron zarbalari berilgan.