Interpol Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimovni xalqaro qidiruvga berdi

O‘zbekistonlik moliyachi va Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov Interpol‘ning xalqaro qidiruv bazasiga kiritildi. Uning Red Notice («qizil bildirishnoma»)si tashkilotning ochiq ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan.
Interpol ma’lumotlariga ko‘ra, Olimov 1977-yil 7-mayda Andijon viloyatida tug‘ilgan va O‘zbekiston fuqarosi. U o‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi. 1999-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutining «Moliya va kredit» yo‘nalishini tamomlagan, keyinchalik Davlat boshqaruvi akademiyasi huzuridagi Oliy biznes maktabida MBA darajasini olgan. Bu ma’lumotlar Anorbankning rasmiy saytida ham keltirilgan.
Interpol qidiruvi nimani anglatadi
Red Notice — IInterpol’ga a’zo davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlariga shaxsni topish va ekstraditsiya yoki boshqa huquqiy jarayon masalasi hal etilguniga qadar vaqtincha ushlab turish bo‘yicha yuboriladigan xalqaro so‘rovdir. Biroq Red Notice xalqaro hibs orderi hisoblanmaydi: shaxsni ushlab turish bo‘yicha yakuniy qarorni har bir davlat o‘z qonunchiligiga muvofiq qabul qiladi.
Interpol’ning ochiq kartochkasida Olimov qaysi jinoyatda gumon qilinayotgani, ish tafsilotlari yoki qaysi davlatning so‘roviga asosan qidiruv e’lon qilingani ko‘rsatilmagan.
Odam o‘g‘irlash ishi bo‘yicha xabarlar
Avvalroq, 18-sentyabr kuni The Insider Olimov O‘zbekistonda odam o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida sirtdan hibsga olingani va xalqaro qidiruvga berilgani haqida yozgan. Nashr bu ma’lumotni Olimovning atrofidagi manbaga tayangan holda tarqatgan. O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ish tafsilotlari rasman e’lon qilinmagan.
The Insider manbasining versiyasiga ko‘ra, ish Olimovning sobiq ish beruvchisi va Kapitalbank asoschisi Botir Rahimov bilan uzoq davom etgan moliyaviy nizoga aloqador bo‘lishi mumkin. Nashr Olimov Rahimovni o‘ziga nisbatan moliyaviy da’volardan voz kechishga majburlash maqsadida uning o‘g‘irlab ketilishini tashkil etganlikda gumon qilinayotgani haqida yozgan. Bu ma’lumotlar O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Olimov Anorbank’ning 49,4 foiz aksiyasiga ega
Ochiq davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Qahramonjon Olimov Anorbank kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lib, bank aksiyalarining 49,4 foiziga egalik qiladi. Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. kompaniyasining ulushi 50 foiz, «Kapital Sug‘urta» AJniki esa 0,6 foizni tashkil etadi.
Anorbankning rasmiy saytida Olimov kuzatuv kengashi a’zosi sifatida ko‘rsatilgan.
Bank avvalroq tarqalayotgan ma’lumotlar uning aksiyadorlaridan birining shaxsiy ishlariga taalluqli ekanini va Anorbankning kapitali, boshqaruvi yoki operatsion faoliyatiga aloqasi yo‘qligini bildirgan.
Markaziy bank ham Anorbank odatiy rejimda ishlayotganini ma’lum qilgan. Regulyatorning qayd etishicha, omonatlar, kreditlar, to‘lovlar va boshqa bank xizmatlari bo‘yicha operatsiyalar uzilishlarsiz davom etmoqda.