Tracker’dan qimmat: Volkswagen ID. Unyx 09 avtomobili sotuvga chiqdi

25-sentabr 2026 07:54 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Tracker’dan qimmat: Volkswagen ID. Unyx 09 avtomobili sotuvga chiqdi
Foto: Yan Zhao Nvsiji

Volkswagen Anhui Xitoyda yangi Volkswagen ID. Unyx 09 elektromobiliga oldindan buyurtmalar qabul qilishni boshladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar berdi.

Bir elektromotorli versiya narxi $29,4 ming, to‘liq uzatmali AWD varianti esa $36,8 ming etib belgilangan. Model 2026-yilgi Pekin avtosalonida ilk bor namoyish etilgan bo‘lib, rasmiy savdosi oktabr oxirida boshlanishi rejalashtirilgan.

Kuzovi 5 metrdan uzun

Volkswagen ID. Unyx 09 o‘rta va katta o‘lchamdagi elektr fastbek-krossover sifatida joylashtirilmoqda.

Avtomobilning uzunligi 5 081 mm, kengligi 1 980 mm, balandligi esa komplektatsiyaga qarab 1 509 yoki 1 526 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3 030 mmga teng.

Foto: Yan Zhao Nvsiji

Model DLP yuqori aniqlikdagi matritsali faralar va interaktiv LED yoritish tizimi bilan jihozlangan. Tizim tungi vaqtda yo‘lga harakat yo‘nalishi yoki avtomobil kengligini ko‘rsatuvchi yorug‘lik proyeksiyalarini tushira oladi.

Shuningdek, avtomobil 21 dyuymli sport g‘ildiraklari va Brembo tormoz supportlariga ega.

85 dyuymli AR-HUD va AI yordamchi

Salonning asosiy texnologik elementlaridan biri 85 dyuymli AR-HUD proyeksion displey hisoblanadi.

Bundan tashqari, alohida raqamli asboblar paneli va sun’iy intellekt yordamchisi bilan ishlovchi katta markaziy sensorli ekran o‘rnatilgan.

Sport o‘rindiqlari bosh suyanchiqlari bilan bir butun shaklda ishlab chiqilgan. Markaziy konsolda simsiz quvvatlash maydonchasi va yashirin stakan ushlagichlari mavjud.

750 TOPS quvvatli AI chipi

ID. Unyx 09 VLA aqlli haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan. U 750 TOPS hisoblash quvvatiga ega Turing AI chipida ishlaydi. Avtomobilda jami 26 ta sensor va boshqa apparat komponentlari mavjud.

Tizim shahar va avtomagistrallarda NOA funksiyasini, shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi avtomatik parkovkani qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Yan Zhao Nvsiji

755 kmgacha yuradi

ID. Unyx 09 uchun ikki xil kuch qurilmasi taklif qilinadi.

Bir elektromotorli versiya 230 kVt, ya’ni 308 ot kuchi ishlab chiqaradi. Uning yurish zaxirasi CLTC bo‘yicha 755 km, WLTP bo‘yicha esa 612 kmni tashkil etadi.

To‘liq uzatmali versiyada old o‘qda 140 kVt, ya’ni 188 ot kuchiga ega, orqa o‘qda esa 230 kVt, ya’ni 308 ot kuchiga ega elektromotor o‘rnatiladi. Ushbu versiya CLTC bo‘yicha 705 km, WLTP bo‘yicha 571 kmgacha yuradi.

5C tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi

Har ikkala versiya CATL ishlab chiqargan 91,963 kVt·soat sig‘imli LFP batareya bilan jihozlangan.

Model 5C ultra tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, avtomobilda Continental’ning ikki kamerali pnevmatik osma tizimi o‘rnatilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri UzAuto Motors Chevrolet Damas uchun aksiyani yo‘lga qo‘ygani haqida yozgan edi.

Shuningdek