BlackRock Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etishga ko‘maklashadi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda BlackRock kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.
Uchrashuvda BlackRock prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, Global Infrastructure Partners raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, shuningdek, kompaniyaning Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda Yaqin Sharq mintaqasi rahbari Charlz Xatami qatnashdi.
Markaz konsepsiyasini ishlab chiqishda BlackRock ishtirok etmoqda
Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, BlackRock Toshkent xalqaro moliya markazining konsepsiyasi va tashkiliy tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish tashabbusi avvalroq prezident darajasida ham muhokama qilingan. Mart oyida markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish, investorlar uchun xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim va zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari ko‘rib chiqilgan edi.

AQSh biznes vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi
Nyu-Yorkdagi tashrif doirasida AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida qo‘shma davra suhbati ham o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning kelgusi o‘n yilliklardagi rivojlanish istiqbollari, shuningdek, yirik va uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
BlackRock bilan hamkorlik avval ham investitsiyalar, xususiylashtirish, moliya bozorini rivojlantirish, energetika va infratuzilma loyihalari yo‘nalishlarida muhokama etilgan. 2026-yil iyulidagi uchrashuvda kompaniya bilan moliya bozorini rivojlantirish va O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish ustuvor yo‘nalishlar qatorida qayd etilgan edi.
BlackRock O‘zbekistondagi loyihalarga qiziqish bildirmoqda
Yanvar oyida Davosda o‘tkazilgan uchrashuvda BlackRock’ning O‘zbekistondagi ayrim korxonalar kapitaliga kirishi, qo‘shma investitsiya mexanizmlarini yaratish va mamlakat investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro ekspertizani jalb etish tashabbuslari ham muhokama qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Saida Mirziyoyeva BMT minbarida nimalar haqida gapirgani haqida yozgan edi.