Oqqo‘rg‘onda prokuror yordamchisi 4700 dollar olayotganda ushlandi

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida prokuror yordamchisining noqonuniy harakati fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Fuqarodan $12 ming talab qilgani aytilmoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, mansabdor shaxs xizmat mavqeyidan foydalanib, fuqaroning avtomobil oldi-sotdisi bilan bog‘liq masalasini hal qilib berish hamda bankdan 600 mln so‘mlik imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashishni va’da qilgan.
Buning evaziga u jami $12 ming talab etgani aytilmoqda.
$4700 olayotganda ushlangan
Tezkor tadbir davomida prokuror yordamchisi so‘ralgan pulning $4700 qismini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida mansabdor shaxs ilgari ham shu fuqarodan $1300 olgani aniqlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda
Hozirda holat yuzasidan prokuror yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish chorasi ko‘rilmoqda. Tekshiruv va protsessual harakatlar davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib pul olgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.