O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan ekologik aksiyada 8 tonna chiqindi yig‘ildi

Foto: unicef.uz
O‘zbekistonning barcha 14 hududida «Toza o‘yinlar» ekologik aksiyasi o‘tkazildi. Unda 850 nafardan ortiq ko‘ngilli qatnashib, 8 tonnadan ziyod chiqindi yig‘di. Bu haqda UNICEF Uzbekistan ma’lum qildi.
Yig‘ilgan chiqindilar saralanib, qayta ishlashga yuborildi

Aksiya plogging – chiqindi yig‘ishni jismoniy faollik va musobaqa bilan birlashtiradigan formatda o‘tkazildi. Ishtirokchilar jamoalarga bo‘linib, plastik, metall, shisha va boshqa maishiy chiqindilarni alohida yig‘di. Qayta ishlash mumkin bo‘lgan chiqindilar tegishli tashkilotlarga yuborildi. Shuningdek, aksiya davomida 900 dan ortiq ishlatilgan batareya yig‘ilib, xavfsiz utilizatsiya qilish uchun maxsus tashkilotga topshirildi.
«Toza o‘yinlar» aksiyasi bu yil ikkinchi bor o‘tkazildi
Ekologik aksiya Young Climate Champions Uzbekistan hamjamiyati tomonidan Ekologiya vazirligi va O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etildi. Bu 2026-yilda tashkil etilgan ikkinchi yirik aksiya bo‘lib, birinchisi 26-aprel kuni O‘zbekistonning barcha 14 hududida bir vaqtda o‘tkazilgan. Unda 807 nafardan ortiq yosh ko‘ngillilar qatnashib, 8,1 tonnadan ziyod chiqindi yig‘gan. 2025-yilda Young Climate Champions dasturi ishtirokchilari jami 18 tonnadan ortiq chiqindini yig‘ib, qayta ishlashga topshirgan.
Avvalroq «Kursiv» 2026-yilning 1-may sanasidan boshlab har oyning 10 va 25-sanalarida «Avtomobilsiz kun» hamda «Avtomobilsiz hafta» aksiyalari o‘tkazilishi haqida yozgan edi.