Konstitutsiyaviy sud 10 sutkagacha ushlab turish normasini Konstitutsiyaga zid deb topdi

eʼlon qilindi
Shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas
Konstitutsiyaviy sud 10 sutkagacha ushlab turish normasini Konstitutsiyaga zid deb topdi
Foto: Pexels

O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi 10 sutkagacha ushlab turish normasini Konstitutsiyaga zid deb topdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismidagi ayrim normalarni Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topdi.

Gap huquqbuzarning shaxsini va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash zarur bo‘lganida uni 3 sutkagacha, shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganda esa prokuror sanksiyasi bilan 10 sutkagacha ushlab turish imkonini bergan norma haqida bormoqda.

Ombudsman Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan

Masala Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman murojaati asosida ko‘rib chiqilgan.

Ombudsman Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 288-moddasi ikkinchi qismining Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiqligini tekshirishni so‘ragan.

Konstitutsiyaning ushbu normasiga ko‘ra, shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas.

3 va 10 sutkalik muddatlar Konstitutsiyaga mos emas deb topildi

Konstitutsiyaviy sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarni prokurorga yozma ravishda xabar bergan holda 3 sutkagacha, shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganda esa prokuror sanksiyasi bilan 10 sutkagacha ushlab turishni nazarda tutuvchi qoidalar Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismiga zid.

Sud qarorisiz shaxsning erkinligini 48 soatdan ortiq cheklash imkonini beradigan mazkur tartib Konstitutsiyaviy talabga mos emas deb topildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri IIB rahbarlariga kiberjinoyatlar bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi joriy etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek