
Volkswagen va uning sho‘ba kompaniyasi Audi Germaniyada rul boshqaruvi bilan bog‘liq ehtimoliy nosozlik sabab qariyb 1 mln avtomobilni servisga chaqirib oladi. Germaniyaning KBA yo‘l harakati idorasi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim avtomobillarda boltlar ishdan chiqishi rul mexanizmiga zarar yetkazishi, ayrim holatlarda esa rul boshqaruvining butunlay yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.
Volkswagen’ning 900 mingga yaqin avtomobili qamrab olinadi
Qaytarib chaqirish Volkswagen’ning 2013-yil 24-sentabrdan 2024-yil 1-iyulgacha ishlab chiqarilgan Tiguan, Touran, Golf Variant, Caddy va Golf modellariga taalluqli.
Germaniyada qariyb 900 mingta Volkswagen avtomobili, dunyo bo‘yicha esa 2,16 mln dona mashina ushbu kampaniya doirasiga kiradi.
Muammo namlik ta’sirida korroziyaga uchrashi mumkin bo‘lgan boltlar bilan bog‘liq. Servis markazlarida ular korroziyaga chidamli yangi detallar bilan almashtiriladi.
Audi’da ham 700 mingta avtomobil tekshiriladi
Audi bo‘yicha dunyo miqyosida 700 mingga yaqin avtomobil qaytarib chaqiriladi. Shundan 58 555 tasi Germaniyaga to‘g‘ri keladi.
Volkswagen ma’lumotiga ko‘ra, ehtimoliy rul muammosi qaytarib chaqirilayotgan avtomobillarning faqat kichik qismida uchrashi kutilmoqda.
Hozircha avariya holatlari qayd etilmagan
Kompaniya ushbu bolt nosozligi bilan bog‘liq avariya yoki jarohatlanish holatlari haqida hozircha ma’lumot yo‘qligini bildirgan.
Qaytarib chaqirish kampaniyasi Volkswagen savdolarning pasayishi va xarajatlarni qisqartirish fonida o‘tkazilmoqda. Kompaniya so‘nggi yillarda o‘n minglab ish o‘rinlarini qisqartirish va ayrim ishlab chiqarish quvvatlarini kamaytirish choralarini ko‘rmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tahoe 2027 qanday ranglarda chiqishi haqida yozgan edi.