Kaspiydagi fojia: besh mansabdor qo‘lga olindi

eʼlon qilindi
Gumonlanuvchilar Aqtau shahridagi vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan
Foto: Toppress.kg

Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lishi ortidan besh nafar mas’ul mansabdor shaxs qo‘lga olindi. Hukumat komissiyasi esa fojia sabablarini tekshirmoqda. Bu haqda hukumat saytida xabar berildi. 

Besh nafar mansabdor gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olindi

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, besh nafar mansabdor xizmatga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish va kemani boshqarish qoidalarini buzishda gumon qilinmoqda.

Ular orasida Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari – shtab boshlig‘i, ikki harbiy qism komandiri, dengiz piyodalari rotasi komandiri va kater komandiri bor.

Barcha gumonlanuvchilar Aqtau shahridagi vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Fojia yuzasidan Qozog‘iston IIVning harbiy-tergov bo‘linmasi tomonidan tergov olib borilmoqda.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 453-moddasi 2-qismi (og‘ir oqibatlarga olib kelgan xizmatga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish) hamda 465-modda (kemani boshqarish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergovchilar harbiy mashg‘ulotlarni tashkil etishdagi qarorlarni, xavfsizlik talablari bajarilganini, gidrometeorologik sharoit hisobga olinganini, katerning texnik holati va harbiylar xavfsizligiga mas’ul mansabdorlarning harakatlarini o‘rganmoqda.

Fojiani hukumat komissiyasi ham tekshirmoqda

25-sentabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozimboyev raisligida hukumat komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Komissiya voqeaning barcha holatlarini qisqa muddatda to‘liq aniqlash va aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishni topshirgan. Tergov doirasida idoralararo tezkor-tergov guruhi tuzilgan, zarur sud ekspertizalari tayinlangan.

17 nafar harbiy dengizga olib ketilgan

Fojia 24-sentabr kuni Aqtau shahridan 43 kilometr uzoqlikda «Qaysar» kateridan harbiylarni tushirish vaqtida yuz bergan. Noqulay ob-havo sharoitida 17 nafar harbiy xizmatchini ochiq dengizga olib ketgan. Ulardan uch nafari qutqarilgan, 14 nafari halok bo‘lgan.

25-sentabr kuni soat 09:15 atrofida bedarak yo‘qolgan so‘nggi ikki harbiy – serjant Mansur Gumarov va matros Miras Turdibekulining jasadi topildi. Shundan so‘ng qidiruv-qutqaruv operatsiyasi yakunlandi.

Halok bo‘lgan harbiylarning oilalariga yordam beriladi

Hukumat komissiyasi yig‘ilishida halok bo‘lgan harbiylarning oilalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari davlat tomonidan oilalarga zarur ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlardan ham qo‘shimcha yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaatlar kelib tushayotgani aytilgan.

Ulardan biri halok bo‘lgan har bir harbiy xizmatchining oilasiga 25 mln tenge ajratgan. Ayrim yirik biznes vakillari ham moddiy yordam ko‘rsatish niyatini bildirgan.

Bozimboyev Mehnat va aholini ijtimoiy himoya vazirligiga Mang‘istau viloyati hokimligi bilan birgalikda barcha mablag‘larning oilalarga shaffof va to‘liq yetib borishini nazorat qilishni topshirgan.

Voqeadan keyin tibbiyot muassasasiga yetkazilgan harbiy xizmatchining ahvoli esa barqaror. Uning hayotiga xavf yo‘q va unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Tergov va hukumat komissiyasining ishlari davom etmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek