Elektr va gazdan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun qo‘shimcha to‘lov bekor qilindi

eʼlon qilindi
Elektr energiyasi tariflarida ham o‘zgarish bo‘ldi
Elektr va gazdan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun qo‘shimcha to‘lov bekor qilindi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda qarzdorlik sabab elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun olinadigan qo‘shimcha to‘lov bekor qilindi. Bu o‘zgarishlar Prezidentning 2026-yil 22-sentabrdagi farmoni asosida joriy etildi.

Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, endilikda qayta ulanishda maishiy iste’molchilardan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, yuridik iste’molchilardan esa o‘n baravari miqdorida haq undirilmaydi.

Elektr energiyasi tariflarida ham o‘zgarish bo‘ldi

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga ham o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, asosiy va zaxira elektr ta’minoti bo‘yicha ulangan quvvati jami 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan hamda tabaqalashtirilgan tarif asosida hisob-kitob qiladigan iste’molchilar uchun tungi davrda qo‘llanilgan 1,5 baravar kamaytiruvchi koeffitsiyent bekor qilindi.

Shu bilan birga, soat 09:00 dan 17:00 gacha bo‘lgan yarim tig‘iz davrda belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi.

«Namunali iste’molchilar» uchun alohida tartib belgilandi

Elektr va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarida «namunali iste’molchilar» uchun alohida to‘lov tartibi joriy etildi.

Qarzdorligi bo‘lmagan va zamonaviy hisoblagich o‘rnatilgan iste’molchilar hisobot oyi boshlanishidan oldin 15% oldindan to‘lov qilishi, qolgan qismini esa oy davomida to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, qarzdorlik sabab tarmoqdan uzilib qolish holati qoidabuzarlik sifatida baholanmasligi belgilandi.

Issiqxonalar uchun gaz to‘lovi o‘zgardi

Tabiiy gazdan foydalanuvchi issiqxona xo‘jaliklari uchun ham yangi to‘lov tartibi joriy etildi.

Hosil yilining dastlabki olti oyi – oktabrdan martgacha yetkazib beriladigan gaz uchun 50% oldindan to‘lov amalga oshiriladi. Qolgan qismi oy oxirigacha to‘lanadi.

Keyingi oylardan esa gaz uchun 100% oldindan to‘lov qilinadi. Bu tartib avvalgi oy bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmagan issiqxona xo‘jaliklariga tatbiq etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq energetika sohasida individual ruxsatnomalar bekor qilinishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi vakolatlari kengaytiriladi. Agentlik elektr energiyasi bilan bir qatorda tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida ham bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich shakllantirish va tartibga solish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek