Marko Rubio yuzdan ortiq delegatsiya bilan O‘zbekistonga keladi

eʼlon qilindi
Foto: Nawsbit

AQSh davlat kotibi Marko Rubio oktabr o‘rtalarida 100 dan ortiq Amerika kompaniyasi vakillaridan iborat biznes delegatsiyasini O‘zbekistonga olib keladi. Delegatsiya Samarqandda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo va AQSH tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etadi. Bu haqda AQSHning Hindistondagi elchixonasi 24-sentabr kuni ma’lum qildi.

Tashrif AQSh va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.

100 dan ortiq Amerika kompaniyasi Samarqandga keladi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio tashrif davomida O‘zbekiston rahbariyati va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari vakillari bilan uchrashadi.

Muzokaralarda savdoni kengaytirish, xususiy sektor investitsiyalarini jalb qilish va Markaziy Osiyo iqtisodiyotini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor Rubio boshchiligidagi delegatsiyani «tarixiy» deb atagan.

C5+1 yig‘ilishi ham Samarqandda o‘tadi

Rubio Samarqandda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi C5+1 formatidagi yig‘ilishda qatnashadi.

Kun tartibidan mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyo uchun umumiy ustuvor masalalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish o‘rin olgan.

C5+1 – AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasidagi ko‘p tomonlama muloqot platformasi bo‘lib, uning ilk vazirlar uchrashuvi 2015-yilda aynan Samarqandda o‘tkazilgan.

O‘zbekiston va AQSh iqtisodiy aloqalarni kengaytirmoqda

Rubioning tashrifi AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilinayotgan bir paytga to‘g‘ri keladi.

2025-yil noyabrida Vashingtonda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va AQSH sammitida O‘zbekiston transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarida AQSH bilan hamkorlikni kuchaytirishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, muhim minerallar, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va investitsiyalar bo‘yicha mintaqaviy tashabbuslar ilgari surilgan.

Rubioning Samarqanddagi uchrashuvlari davomida ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilinishi kutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida muhim minerallar va noyob yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlashda ta’minot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagandi.

Shuningdek