Eron Trampga taklif berdi: Hormuz bo‘g‘ozi ochilishi mumkin

Eron AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga urushni to‘xtatish bo‘yicha yangi taklif yubordi. Tehron Vashington bilan kelishuvga erishilganidan so‘ng strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozini yetti kun ichida qayta ochishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda BMT Bosh Assambleyasi doirasida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ma’lum qildi.
Eron nimani talab qilmoqda
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehronning taklifida aynan qanday shartlar qo‘yilganini batafsil ochiqlamadi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron avvalroq AQShning Eron portlariga qo‘ygan blokadasini yumshatish yoki bekor qilish hamda harbiy bosimni kamaytirishni talab etgan. Eron bo‘g‘ozni ochish masalasini Vashington bilan muzokaralardagi asosiy shartlardan biri sifatida ko‘rmoqda.
Hormuz bo‘g‘ozi nega muhim
Hormuz bo‘g‘ozi jahon energetika savdosidagi eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanishidan oldin dunyodagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvlarining qariyb beshdan bir qismi ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tgan.
Shu sababli bo‘g‘ozdagi har qanday cheklov xalqaro energetika bozori va neft narxlariga ta’sir qilishi mumkin. Financial Times ham Hormuzdagi tashuvlarning cheklanishi global energetika bozorida jiddiy beqarorlikni kuchaytirayotganini qayd etgan.
Tramp va Eron o‘rtasida keskin bayonotlar davom etmoqda
Diplomatik kanallar orqali muzokaralar olib borilayotganiga qaramay, tomonlarning ommaviy bayonotlarida keskinlik saqlanib qolmoqda.
Tramp BMT Bosh assambleyasidagi nutqida Eron oldida «buyuklik» va «yo‘q qilinish» o‘rtasida tanlov borligini aytgan. Eron esa AQSHning harbiy harakatlarini keskin tanqid qilgan.
Hozircha Vashington va Tehron o‘rtasida yakuniy kelishuvga erishilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqdagi urushda zarar ko‘rgan energetika infratuzilmasini tiklash uchun yangi xalqaro jamg‘armaga $5 mlrd yo‘naltirishni taklif qilgandi.