Shaxmat: O‘zbekistonning asosiy jamoasi AQShni mag‘lub etdi

Samarqand mezbonlik qilayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasining 9-turida O‘zbekiston terma jamoalari muvaffaqiyatli natijalar qayd etdi.
Erkaklar o‘rtasidagi asosiy jamoa avvalgi turda Germaniyaga boy berilgan bahsdan so‘ng AQShga qarshi muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Turnirning asosiy favoritlaridan biri hisoblangan AQSh ustidan O‘zbekiston 2,5:1,5 hisobida zafar quchdi.
Bahsning dastlabki partiyasida 4-doskada o‘ynagan Muhiddin Madaminov Levon Aronyanga qarshi durang qayd etdi. Madaminov avvalgi turda mag‘lubiyatga uchragan Shamsiddin Vohidov o‘rniga tarkibga kiritilgandi.
Keyingi partiyada Nodirbek Abdusattorov jahon reytingining kuchli uchligidan joy olgan Fabiano Karuanani mag‘lubiyatga uchratdi.
3-doskadagi bahsda esa Javohir Sindarov Uesli So bilan o‘yinda murakkab vaziyatga tushib qoldi. Uchrashuv yakunida Sindarov mag‘lub bo‘ldi va umumiy hisob 1,5:1,5 ko‘rinishiga keldi.
Hal qiluvchi bahs Nodirbek Yoqubboyev va Hans Niman o‘rtasida kechdi. Avvalgi turda mag‘lub bo‘lgan Yoqubboyev bu safar imkoniyatdan unumli foydalanib, qiyin kechgan uchrashuvda g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa O‘zbekiston asosiy jamoasi AQSHni 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.
O‘zbekiston-2 ham kuchli raqibdan ustun keldi
O‘zbekistonning ikkinchi jamoasi ham 9-turda ishonchli g‘alabaga erishdi.
Avvalgi turda Angliyani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etib, kuchli o‘nlikdan joy olgan jamoa bu safar turnir jadvalida 13 ochko bilan 4-o‘rinda turgan Niderlandiyaga qarshi bahs olib bordi.
O‘zbekiston-2 uchrashuvni yaqqol ustunlik bilan o‘tkazib, raqibini 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi.
O‘zbekiston-2 – Niderlandiya 3,5:0,5
- Muhammadzohid Suyarov – Luk van Veli — 1:0
- Jahongir Vohidov – Anish Giri — 1:0
- Ortiq Nig‘matov – Ervin L’Ami — 1:0
- Abdumalik Abdusalimov – Yorden van Forest — 0,5:0,5
Mazkur g‘alabadan so‘ng O‘zbekistonning ikkinchi jamoasi turnir jadvalida 5-o‘ringa ko‘tarildi.
O‘zbekiston-3 ham g‘alaba qozondi
O‘zbekistonning uchinchi jamoasi 9-turda Qirg‘iziston vakillariga qarshi bahs olib borib, 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi.
Shunday qilib, Samarqanddagi Butunjahon shaxmat Olimpiadasining 9-turi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning uchala jamoasi ham navbatdagi bahsni mag‘lubiyatsiz yakunladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan shaxmat olimpiadasining oʻyinlardan tashqaridagi hayoti, tashkiliy jarayonlari va Samarqanddagi umumiy atmosferani suratlarda jamlagandi.