Kechagi mag‘lubiyatdan keyin o‘zimizga kelib oldik — Nodirbek Abdusattorov

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonning ikki jamoasi vakillari bilan suhbatlashdi
Foto: Uzchess

Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi hal qiluvchi bosqichga kirdi. O‘zbekistonning asosiy jamoasi 9-turda AQShni 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etib, turnir jadvalidagi peshqadamligini davom ettirdi. Ikkinchi jamoa Niderlandiyani 3,5:0,5 hisobida yenggan bo‘lsa, O‘zbekiston-3 ham Qirg‘iziston ustidan 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi.

Foto: Uzchess

Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonning ikki jamoasi vakillari – asosiy tarkibning 2-doskasi Nodirbek Abdusattorov va O‘zbekiston-3 jamoasining 1-doskasi Saidakbar Saydaliyev bilan suhbatlashdi. Shaxmatchilar kechagi mag‘lubiyatdan keyingi kayfiyat, AQShga qarshi muhim bahs, jamoaviy manfaat va Olimpiadadagi umumiy vaziyat haqida gapirdi.

«Kechagi mag‘lubiyatdan keyin o‘zimizga kelib oldik»

O‘zbekistonning asosiy jamoasi 9-turga Germaniyaga qarshi mag‘lubiyatdan keyin chiqdi. Nodirbek Abdusattorovning aytishicha, kutilmagan natija jamoa kayfiyatiga ta’sir qilgan, biroq shaxmatchilar murabbiy Rustam Qosimjonov bilan birga vaziyatni muhokama qilib, keyingi bahsga tayyorlangan.

«Albatta, kayfiyatga yomon ta’sir qildi. Biz bunaqa yutqazishni kutmagandik. Lekin jamoamiz murabbiyi Rustam aka bilan o‘tirib, bolalar bilan yig‘ilishib, o‘zimizga kelib oldik», – dedi Abdusattorov.

9-turda O‘zbekistonni turnir favoritlaridan biri bo‘lgan AQSh kutib turardi. Ular tarkibida Fabiano Karuana, Levon Aronyan, Uesli So va Hans Niman kabi kuchli grossmeysterlar bor edi. Bahs O‘zbekiston foydasiga 2,5:1,5 hisobida yakunlandi.

Abdusattorovning o‘zi AQShga qarshi bahsda Fabiano Karuanani mag‘lub etdi. Muhiddin Madaminov Levon Aronyan bilan durang o‘ynadi, Javohir Sindarov esa Uesli So bilan bahsda mag‘lub bo‘ldi. Yakuniy natijani esa Nodirbek Yoqubboyevning Hans Niman ustidan qozongan g‘alabasi hal qildi.

Saydaliyev: «Bu jamoaviy musobaqa»

O‘zbekistonning uchinchi jamoasi ham Olimpiadada o‘z kurashini davom ettirmoqda. Jamoaning 1-doskasi Saidakbar Saydaliyevning aytishicha, bunday musobaqada shaxsiy natijadan ko‘ra jamoa manfaatini hisobga olish muhim.

Foto: Uzchess

Qirg‘iziston vakiliga qarshi bahsda qora donalarda o‘ynagan Saydaliyev raqibi unga deyarli imkoniyat bermaganini aytdi. Shaxmatchi vaziyatni keskinlashtirib, tavakkal qilish imkoniga ega bo‘lgan, biroq jamoaviy natijani hisobga olib, ehtiyotkorroq variantni tanlagan.

«Bu jamoaviy musobaqa bo‘lgani uchun bitta xatoyim yoki tavakkalim jamoamga qimmatga tushmasligi uchun nisbatan xotirjam o‘ynab, durangga olib bordim», – dedi Saydaliyev.

Uning fikricha, Olimpiadada har bir doskadagi natija yakuniy jamoaviy hisob uchun muhim.

«Kayfiyat yo‘q edi, lekin raqibimning o‘yinlarini ko‘rdim»

Saydaliyev keyingi bahsga tayyorgarlik haqida gapirar ekan, mag‘lubiyatdan so‘ng odatdagidek chuqur debyut tayyorgarligi o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.

«Kechagi mag‘lubiyatdan keyin umuman tayyorgarlik ko‘rmadim. Tayyorgarlik ko‘rishga kayfiyat ham yo‘q edi. Nisbatan raqibimning o‘yinlarini qaradim. Muhimi, tetik kelishga qaror qildim», – dedi shaxmatchi.

«Ikkita jamoamiz bilan bir-birimizga tushsak, orzu bo‘lardi»

O‘zbekiston Olimpiadaga erkaklar o‘rtasida uchta jamoa bilan qatnashmoqda. Asosiy jamoa turnirning 3-raqamli jamoasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, O‘zbekiston-2 31-raqam, O‘zbekiston-3 esa 55-raqam ostida bahslarni boshlagan.

Nodirbek Abdusattorov O‘zbekistonning ikkinchi jamoasi natijalarini ham kuzatib borayotganini aytdi. Uning fikricha, turnir yakuniga yaqin O‘zbekistonning ikki jamoasi bir-biriga raqib bo‘lib qolishi ham mumkin.

«Musobaqadan oldin oxirgi turda, masalan, O‘zbekiston-2 bilan tushsak, degan orzu qilayotgan edik. Balki ajab emas, ikkita turdan keyin, balki birorta turda ular bilan tushishimiz mumkin», – dedi u.

9-turdan keyin bu jamoalarning holati ham sezilarli darajada yaxshilandi. O‘zbekiston-2 Niderlandiyani 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etib, kuchli beshlikka ko‘tarildi. O‘zbekiston-3 esa Qirg‘izistonni 2,5:1,5 hisobida yengdi.

O‘zbekistonning uch jamoasi ham kurashda

Samarqanddagi Olimpiada 11 turdan iborat bo‘lib, jamoalar shveysarcha tizimda bellashmoqda. Har bir turda jamoa to‘rtta doskada o‘ynaydi, g‘alaba uchun 2 ta, durang uchun 1 ta jamoaviy ochko beriladi.

Foto: Uzchess

9-tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning asosiy jamoasi 16 ochko bilan peshqadamlikni davom ettirmoqda. Ikkinchi jamoa ham kuchli beshlikdan joy olgan, uchinchi jamoa esa navbatdagi g‘alaba orqali turnirdagi kurashini davom ettirmoqda.

Abdusattorovning aytishicha, endi asosiy vazifa – qolgan bahslarda ham jamoaviy ruhni saqlab qolish.

Shuningdek