OTMga o‘qishga kiritish uchun 8 ming dollar talab qilgan shaxslar ushlandi

Toshkentda fuqaroning xususiy oliygohning 3-bosqichiga noqonuniy tarzda o‘qishga kiritilishi evaziga $8 ming talab qilingan holat aniqlandi. DXX ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbir davomida bir necha shaxs, jumladan, Yakkasaroy tumani IIO FMB inspektor-psixologi ham ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Soxta hujjatlar orqali 3-bosqichga kiritishni va’da qilgan
DXX ma’lumotiga ko‘ra, 1997-yilda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilgan va Toshkentda yashovchi shaxs fuqaroni Rossiyadagi oliygohlardan birida ikki yil o‘qigan deb ko‘rsatuvchi soxta hujjatlar asosida poytaxtdagi xususiy OTMning 3-bosqichiga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
Buning evaziga u $8 ming talab qilgan va $7,5 mingni olayotgan vaqtida ushlangan.
Yana ikki shaxs ushlandi
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsdan $7,5 mingni olayotgan vaqtda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida ro‘yxatda turuvchi, Toshkentda vaqtincha yashovchi 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro ham ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida holatga Yakkasaroy tumani IIO FMB inspektor-psixologi ham aloqador bo‘lishi mumkinligi aniqlangan. Tezkor tadbirda inspektor ham $7,5 mingni olayotgan vaqtida ushlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
DXX ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot universiteti oʻqituvchisi 4 ming dollar pora olayotganda ushlangandi. Aniqlanishicha, u oʻzining tanish mansabdor shaxslari orqali bir fuqaroni universitetga oʻqishga kiritib qoʻyishni va’da qilgan va buning evaziga $4 ming olgan. Pulni olayotgan paytda u ashyoviy dalillar bilan ushlangan.