Jahongir Vohidov: Birinchi jamoa bo‘ladimi yoki ikkinchi — farqi yo‘q, O‘zbekiston yutsa bo‘ldi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
O‘zbekiston-2 Niderlandiyani 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etib, to‘qqizinchi turdan keyin kuchli uchlikka kirdi
Foto: UzChess

46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining toʻqqizinchi turi Oʻzbekiston erkaklar jamoalari uchun muvaffaqiyatli oʻtdi. Birinchi terma AQShni 2,5:1,5 hisobida, Oʻzbekiston-2 Niderlandiyani 3,5:0,5, Oʻzbekiston-3 esa Qirgʻizistonni 2,5:1,5 hisobida magʻlub etdi. Oʻzbekiston-2 safida birinchi donada oʻynayotgan Jahongir Vohidov Niderlandiya yetakchisi Anish Girini magʻlub qildi. Partiyadan soʻng grossmeyster jurnalistlar bilan boʻlgan suhbatda uchrashuv, jamoaning natijasi va Olimpiadadagi imkoniyatlari haqida gapirdi.

Boshidan oxirigacha ustunlikni his qildim

Vohidovning aytishicha, Giri bilan partiyada vaziyatni boshidan nazorat qilganini his qilgan.

«Boshidan oxirigacha ustunlikka ega ekanimni his qildim. Menimcha, juda yaxshi partiya boʻldi. Albatta, jamoamiz gʻalaba qozonganidan juda xursandman», – dedi u.

Oʻzbekiston-2 Niderlandiyaga qarshi toʻrtta donadan uchtasida gʻalaba qozondi. Vohidov Girini, Muhammadzohid Suyarov Loek van Velini, Ortiq Nigmatov Ervin lʼAmini magʻlub etdi. Abdimalik Abdisalimov esa Jorden van Foreest bilan durang oʻynadi.

Biz oʻz kuchimizni isbotlayapmiz

Oʻzbekiston-2 turnirni 30-start raqami bilan boshlaganiga qaramay, Vohidov jamoaning hozirgi natijasi sensatsiya emasligini aytdi.

«Reyting boʻyicha biz turnirni 30-raqamda boshladik. Lekin jamoamizdagi shaxmatchilarning reytingi ularning haqiqiy oʻyin kuchini toʻliq aks ettirmaydi, deb oʻylayman. Yigitlarimiz xalqaro turnirlarda koʻp marta yaxshi natija koʻrsatgan. Men ham yaqinda Abu-Dabidagi turnirda gʻolib boʻldim. Shuning uchun biz bu yerda oʻz kuchimizga yarasha oʻynayapmiz va imkoniyatlarimizni isbotlayapmiz», – dedi Vohidov.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston-2 musobaqada oʻz imkoniyatlaridan samarali foydalanmoqda.

«Bugun jamoamiz juda yaxshi oʻynadi. Turnir davomida ham yaxshi natijalar koʻrsatdik. Endi ikki tur qoldi. Nasib qilsa, bor kuchimizni beramiz, – dedi grossmeyster.

Asosiysi, Oʻzbekiston gʻolib boʻlsa boʻldi

Suhbat vaqtida Vohidovga Oʻzbekistonning asosiy jamoasi AQShga qarshi bahsda gʻalaba qozongani aytildi.

Bu xabarni eshitgan grossmeyster Oʻzbekistonning qaysi jamoasi yuqoriroq oʻrin egallashidan koʻra, mamlakat vakillarining umumiy gʻalabasi muhimligini ta’kidladi.

“Juda xursandman. Birinchi Oʻzbekistonmi, ikkinchi Oʻzbekistonmi — farqi yoʻq. Asosiysi, Oʻzbekiston gʻolib boʻlsa boʻldi», – dedi Vahidov.

Oʻzbekistonning ikki jamoasi kuchli uchlikda

Toʻqqizinchi turdan keyin Oʻzbekiston asosiy jamoasi 16 ochko bilan turnir jadvalida birinchi oʻrinni egallab turibdi. Hindiston va Oʻzbekiston-2 hisobida 15 ochkodan bor. Qoʻshimcha koʻrsatkichlar boʻyicha Hindiston ikkinchi, Oʻzbekiston-2 esa uchinchi oʻrinda.

Avvalroq O‘zbekiston AQShni mag‘lub etgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek