Turlov shaxmatni targ‘ib qilish uchun yiliga 1,5 mln dollar ajratishni taklif etdi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidentligiga nomzod Timur Turlov o‘z dasturining moliyaviy qismi haqida gapirdi. Sport dasturlarini rivojlantirish uchun ajratiladigan mablag‘lardan tashqari, u har yili media va shaxmatni targ‘ib qilish uchun $1,5 mln yo‘naltirishni taklif qilmoqda.
Turlovning aytishicha, bunday moliyalashtirish milliy federatsiyalarga o‘z loyihalarini yaxshiroq targ‘ib qilish va ularga e’tibor jalb etishga yordam beradi. Shuningdek, bu turli mamlakatlarda shaxmatni rivojlantirish va ommalashtirishga xizmat qiladi.
«Bundan tashqari, har yili yana $1,5 mln media uchun yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Bu har bir federatsiyaga o‘zini va loyihalarini munosib namoyish etish, shaxmatning esa har bir mamlakatda yanada barqaror, taniqli va nufuzli bo‘lishiga yordam beradi», – dedi Turlov.
Federatsiyalarga nafaqat pul, balki tajriba ham beriladi
Turlovning ta’kidlashicha, uning dasturida milliy federatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash faqat moliyaviy resurslar bilan cheklanmaydi. Ularga bilim va tajriba ham berilishi kerak.
Nomzod bunga Qozog‘istondagi shaxmat rivoji tajribasini misol qilib keltirdi. Turlovning so‘zlariga ko‘ra, uch yil ichida shaxmat dasturlari joriy etilgan maktablar soni 2,5 mingtaga yetkazilgan. Dastlab hukumatga bu ko‘rsatkichni besh yil ichida 1,5 mingta maktabga yetkazish va’da qilingan edi.
«Biz faqat katta va’dalar berishni emas, ularni bajarishni ham bilamiz. Hukumatimizga besh yil ichida 1,5 mingta maktabga yetamiz deb va’da bergandik, ammo uch yil ichida 2,5 mingtaga yetkazdik. Men aynan shunday ishlashni istayman», – dedi u.
Turlov, shuningdek, so‘nggi ikki yildan beri o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan Xalqaro maktab shaxmati federatsiyasi faoliyati haqida ham gapirdi. Uning aytishicha, tashkilot o‘nlab mamlakat vakillari ishtirokida konferensiyalar, shuningdek, olti mamlakatda chempionatlar o‘tkazgan.
Turlov Anand va O‘zbekiston terma jamoasi haqida
Turlov o‘z jamoasida besh karra jahon chempioni va FIDE prezidenti o‘rinbosari lavozimiga nomzod Vishvanatan Anandning rolini alohida ta’kidladi.
«U tashkilotni ham, professional shaxmatni ham boshqalardan yaxshiroq biladi. U juda dono inson va butun shaxmat hamjamiyati hurmatiga ega», – dedi Turlov.
O‘zbekiston — eng kuchli terma jamoa
Nomzod Samarqanddagi Olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasining ishtirokiga ham baho berdi.
«Hozir O‘zbekiston dunyodagi eng kuchli terma jamoa. Terma jamoa, shubhasiz, yetakchi. Sizlarda bo‘lajak jahon chempioni bor», – dedi Turlov Javohir Sindarov haqida gapirar ekan.
FIDE prezidenti saylovi 26-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tmoqda. Lavozim uchun uchta tandem kurashmoqda: Timur Turlov – Vishvanatan Anand, Yan Henrik Byuttner – Malkolm Peyn va Vadim Rozenstayn – Gordon Tang.