O‘zbekiston shaxmat bo‘yicha superkuchli mamlakatga aylandi — Timur Turlov

eʼlon qilindi ( yangilandi)
FIDE prezidentligiga nomzod O‘zbekistondagi shaxmat tizimi boshqa davlatlar uchun ham namuna bo‘lishini aytdi
Foto: Facebook.com/tmturlov

Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti va FIDE prezidentligiga nomzod Timur Turlov O‘zbekistonning shaxmatdagi so‘nggi yutuqlarini yuqori baholadi. U jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda mamlakatni Olimpiadaning favoritlaridan biri va shaxmat bo‘yicha superkuchli davlat deb atadi.

«O‘zbekiston bu Olimpiadaning favoritlaridan biri va hozir eng yuqori natijalarni ko‘rsatmoqda. Bugun hamma O‘zbekistonga shaxmat bo‘yicha superkuchli mamlakat sifatida qarayapti. So‘nggi yillarda bu yerda shaxmat maktabi jadal rivojlandi», – dedi Turlov.

Uning fikricha, O‘zbekiston shaxmatchilarining natijalari tasodifiy emas, balki uzoq yillik tizimli ishlarning samarasi.

«Ishonchim komilki, tizimli yondashuv va uzoq vaqt davomida amalga oshirilgan ishlar bugungi ajoyib natijalarning sababidir. Bu barcha uchun, jumladan, biz uchun ham katta ilhom manbai».

Turlov Qozog‘iston ham O‘zbekiston tajribasidan foydalanishi mumkinligini ta’kidladi.

«Agar biz O‘zbekiston shaxmatni rivojlantirish uchun qilgan ishlarni amalga oshirsak, biz ham hozir sizlarda kuzatilayotgan yuqori natijalarga erishishimiz mumkin», – dedi u.

U O‘zbekistonda shaxmatga davlat darajasida berilayotgan e’tiborni ham alohida qayd etdi.

«Juda kam davlatlarda shaxmatga bunchalik katta e’tibor qaratiladi. Bu millatning yuqori intellektual salohiyatini ko‘rsatadi. Biz O‘zbekistondek qo‘shnimiz borligidan juda faxrlanamiz», – dedi Turlov.

Ma’lumot uchun, Timur Turlov 2023-yildan buyon Qozog‘iston shaxmat federatsiyasiga rahbarlik qilib kelmoqda. U 2026-yilgi FIDE prezidenti saylovida besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anand bilan bir tandemda qatnashmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turlov shaxmatni targ‘ib qilish uchun yiliga 1,5 mln dollar ajratishni taklif etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek