Rossiyadagi koloniyada 66 nafar o‘zbekistonlik jazo o‘tamoqda

Rossiyaning Buryatiya respublikasidagi 8-sonli axloq tuzatish koloniyasida 66 nafar O‘zbekiston fuqarosi jazo muddatini o‘tamoqda. O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov ular bilan uchrashib, murojaatlarini o‘rgandi.
«Dunyo» ma’lumotiga ko‘ra, vatandoshlar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning iltimos va muammolari tinglangan.
Ikki nafar vatandoshga tibbiy yordam ko‘rsatiladi
Uchrashuv davomida yurak va umurtqa pog‘onasi kasalliklaridan aziyat chekayotgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosiga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.
Shuningdek, koloniya rahbariyati bilan o‘zbekistonlik mahkumlar uchun musulmon qoidalariga mos ovqatlanishni tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Ozodlikka chiqadigan fuqaro uchun qaytish hujjati tayyorlandi
Bir oydan so‘ng koloniyadan ozod etiladigan O‘zbekiston fuqarosiga vatanga qaytish sertifikatini berish masalasi ham hal qilindi.
Bosh konsul vatandoshlarga O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoyalashda davom etishini ma’lum qildi.
Elchixona vakillarining jazoni ijro etish muassasalariga navbatdagi tashrifi oktabr oyida Irkutsk shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda tug‘ilgan siyosatchi Rossiya Davlat dumasi vitse-spikerligiga nomzod bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Vitaliy Savelyev Davlat dumasi raisi o‘rinbosari lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatildi. Bu haqda «Yagona Rossiya» («Единой России») partiyasi raisi Dmitriy Medvedev 24-sentabr kuni ma’lum qildi.