AQSh shimoli-sharqida kuchli dovul yuzlab aviareyslarni bekor qildi

eʼlon qilindi
95 mingga yaqin aholi elektrsiz qoldi
AQSh shimoli-sharqida kuchli dovul yuzlab aviareyslarni bekor qildi
Foto: Metyu Xetcher/AFP

AQShning shimoli-sharqida kuchli dovul yuzlab aviareyslarning bekor qilinishiga, minglab reyslarning kechikishiga va o‘n minglab aholining elektr ta’minotisiz qolishiga sabab bo‘ldi. Kuchli yomg‘ir va shamol Nyu-York, Boston hamda Filadelfiya kabi yirik shaharlarga ta’sir ko‘rsatmoqda.

95 mingga yaqin aholi elektrsiz qoldi

Dovul Nyu-York, Nyu-Jersi, Konnektikut, Massachusets, Rod-Aylend va Pensilvaniya shtatlarida kuchli shamol va yomg‘ir olib keldi.

PowerOutage.com ma’lumotlariga ko‘ra, shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 holatiga qariyb 95 ming kishi elektr ta’minotisiz qolgan.

AQSh Milliy ob-havo xizmati qirg‘oqbo‘yi hududlarida kuchli suv toshqinlari xavfi haqida ogohlantirdi. Ayniqsa, suv ko‘tarilishi bilan dovulning bir vaqtga to‘g‘ri kelishi past hududlarda vaziyatni og‘irlashtirishi mumkin.

400 dan ortiq aviareyslar bekor qilindi

FlightAware ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 18:13 holatiga AQSh aeroportlari bilan bog‘liq 439 ta reys bekor qilingan, yana 2 459 ta parvoz kechiktirilgan.

Faqat Boston shahridagi Logan xalqaro aeroportida 253 ta reys bekor qilingan.

JetBlue, United va American Airlines aviakompaniyalari yo‘lovchilarga safar sanalarini qo‘shimcha to‘lovsiz o‘zgartirish imkonini beruvchi ogohlantirishlar chiqardi.

Nyu-York va Long-Aylendda xavf yuqori

Nyu-York gubernatori Keti Xokul dovul, ayniqsa, Nyu-York shahri qirg‘oqlari va Long-Aylend hududiga kuchli ta’sir qilayotganini ma’lum qildi. U aholini suvga yaqinlashmaslikka chaqirib, vaziyatni o‘ta xavfli deb atadi.

Nyu-York meri Zohran Mamdani esa fuqarolarga zarurat bo‘lmasa, safarga chiqmaslikni tavsiya qildi.

Yirik tadbirlar ham bekor qilindi

Dovul sabab Nyu-Yorkdagi Global Citizen va All Things Go festivallari, Merilenddagi Oceans Calling festivali bekor qilindi. Boston yaqinida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Ed Shiranning konsertlari ham bekor qilingan.

Massachusetsning ayrim hududlarida, jumladan, Bostonda taxminan 13 santimetrgacha yog‘ingarchilik bo‘lishi prognoz qilingan. Bu hudud uchun bir oydan ortiq yog‘ingarchilik miqdoriga teng.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda dovul sabab 1 mlndan ortiq odamlar evakuatsiya qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek