Janubiy Afrikadagi ikki otishmada 27 kishi halok bo‘ldi

Janubiy Afrikaning Gauteng va G‘arbiy Keyp provinsiyalarida sodir etilgan ikki alohida ommaviy otishmada kamida 27 kishi halok bo‘ldi. Yana 26 kishi yaralandi. Politsiya qurollangan gumondorlarni qidirmoqda.
Yoxannesburg yaqinidagi otishmada 17 kishi halok bo‘ldi
Birinchi hodisa Yoxannesburg g‘arbidagi Vedela shaharchasida yuz berdi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, qurollangan shaxslar bardagi odamlarga qarata o‘t ochgan.
Hodisa oqibatida 17 kishi – 13 erkak va 4 ayol voqea joyida halok bo‘lgan. Yana 15 kishi jarohatlangan.
Otishma shanba kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 21:30 da sodir bo‘lgan.
Sakkiz nafar gumondor qidirilmoqda
Gauteng politsiyasi hodisadan so‘ng sakkiz nafar qurollangan shaxsni qidirishni boshladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, gumondorlar ayrim mijozlarni tintib, ularning mobil telefonlarini olib ketgan va ikki avtomobilda voqea joyidan qochgan.
Politsiya gumondorlar AK-47 avtomatlari va to‘pponchalar bilan qurollangan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Hozircha hujumning sababi aniqlanmagan.
Keyptaun yaqinidagi ikkinchi otishmada 10 kishi o‘ldi
Ikkinchi hodisa G‘arbiy Keyp provinsiyasidagi Lvandle shaharchasida sodir bo‘ldi. Qurollangan shaxslar ko‘ngilochar maskanda odamlarga qarata o‘t ochgan. Natijada 10 kishi halok bo‘lgan, yana 11 kishi yaralangan.
Besh kishi voqea joyida vafot etgan, yana besh nafari shifoxonaga olib borilgach hayotdan ko‘z yumgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Efiopiya armiyasi TPLFning 272 nafar jangarisini o‘ldirganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.