Mazda CX-6e avtomobili yangilandi — narx, foto

27-sentabr 2026 14:27 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Mazda CX-6e avtomobili yangilandi — narx, foto
Foto: Mazda

Mazda kompaniyasi Xitoy bozoridagi Mazda CX-6e krossoverini yangiladi. Bu haqda CarNewsChina texnologiyalar nashri xabar bermoqda.

Model endi tomga o‘rnatilgan LiDAR sensori va magistral hamda shahar yo‘llarida ishlaydigan kengaytirilgan haydovchiga yordam tizimiga ega bo‘ldi.

LiDAR bilan jihozlangan Mazda CX-6e narxi 145,9 ming yuan, ya’ni taxminan 21,7 ming dollardan boshlanadi. Model elektromobil va yurish zaxirasini oshiruvchi benzin generatoriga ega EREV versiyalarida taklif etiladi.

LiDAR’li versiyalar 21,7 ming dollardan boshlanadi

Yangilangan CX-6e’ning LiDAR bilan jihozlangan versiyalari oddiy modifikatsiyalardan 12 ming yuan qimmatroq.

Foto: Mazda

EREV Pro 200 km LiDAR versiyasi 145,9 ming yuan yoki $21,7 ming, EREV Max esa 160,9 ming yuan yoki $24 ming turadi.

Elektromobil versiyalarida narx biroz yuqori: EV Pro 600 km LiDAR – 151,9 ming yuan yoki 22,6 ming dollar, EV Max 600 km LiDAR esa 166,9 ming yuan yoki 24,9 ming dollar.

Tizim shahar va magistralda ishlaydi

Mazda ma’lumotiga ko‘ra, LiDAR bilan jihozlangan CX-6e «kengaytirilgan L2» darajadagi haydovchiga yordam tizimiga ega.

Sensorlar majmuasiga uchta millimetr diapazonli radar, 12 ta ultratovush sensori va 11 ta kamera kiradi.

Magistralda avtomobil mustaqil ravishda tezroq yoki sekinroq harakatlanayotgan transport vositalariga moslasha oladi, boshqa qatorda quvib o‘tishi, yo‘lga kirish va chiqish yo‘laklariga yaqinlashishi hamda servis zonalariga burilishi mumkin.

Mazda tizim magistralda 0 – 130 km/soat, shahar sharoitida esa 0 – 80 km/soat tezlik oralig‘ida ishlashini bildirgan.

Foto: Yiche

Shahar ichida ham bir qator manevrlarni bajara oladi

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizim chorraha va aylana yo‘llardan o‘tish, U-burilish bajarish hamda to‘siqlardan qochish uchun favqulodda qator almashtirish kabi vazifalarni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, avtomobil masofadan turib parkovka qilish, avtomatik parkovka va oldindan belgilangan trayektoriya bo‘yicha joylashtirish funksiyalariga ega.

Elektromobil 600 kmgacha yuradi

CX-6e’ning to‘liq elektr versiyasi 77,94 kVt/soat sig‘imli LFP batareyaga ega. Xitoyning CLTC sikli bo‘yicha yurish zaxirasi 585 – 600 kmni tashkil etadi. U 190 kVt yoki 255 ot kuchiga teng bitta orqa elektromotor bilan jihozlangan. Maksimal tezligi 185 km/soat.

3C tezkor quvvatlash texnologiyasi batareyani 30 foizdan 80 foizgacha 15 daqiqada quvvatlash imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mazda CX-5 2026-yilgi eng muvaffaqiyatli model deb topilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek