
O‘zbekiston terma jamoasi shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov Armanistonga qarshi kechgan uchrashuvdan so‘ng jamoaning g‘alabasi, o‘z partiyasidagi muhim vaziyatlar va so‘nggi tur oldidan kayfiyat haqida gapirdi. Bu haqda «Kursiv» muxbiri xabar berdi.
Abdusattorovning aytishicha, O‘zbekiston terma jamoasi Armanistonga qarshi og‘ir bahs kutgan, biroq jamoa ishonchli o‘yin namoyish etgan.
«Bugungi o‘yinimiz Armanistonga qarshi og‘ir bo‘lishini kutgandik. Lekin bolalar o‘zini yaxshi ko‘rsatdi. Hamma o‘zining doskasida juda ham chiroyli o‘yin ko‘rsatdi va biz juda ham ishonchli g‘alaba qozondik».
Suhbat vaqtida hisob 3:0 edi. Abdusattorov Yoqubboyevning partiyasidagi vaziyat ham yomon emasligini aytdi.
Armaniston hali mag‘lub bo‘lmagandi
Abdusattorov Armanistonning ushbu turga qadar hali birorta ham mag‘lubiyatga uchramagani uchrashuvni yanada murakkab qilganini ta’kidladi.
«Murabbiyimiz bu partiya ham qiyin bo‘lishini tushuntirdi. Chunki hali yutqazmagan jamoaga qarshi o‘ynash baribir qiyin».
Uning fikricha, Armaniston kuchli raqiblarga qarshi uzoq davom etadigan partiyalarda durangni ushlab turish va imkoniyat tug‘ilganda undan foydalanishga asoslangan strategiya tanlagan.
Biroq Abdusattorovning aytishicha, bu reja O‘zbekistonga qarshi ishlamagan va jamoa ishonchli g‘alabaga erishgan.
Raqibim kutmagan debyutni o‘ynadim — Abdusattorov
Abdusattorov o‘z partiyasida 1.e4 d5 yurishini tanlaganini va raqibi bunga tayyor emasligiga ishonganini aytdi.
«Raqibim kutmagan debyutni o‘ynadim — e4 d5. U bunga tayyor emasligiga ishonchim komil edi va debyutdan juda yaxshi vaziyat oldim».
Shaxmatchining so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik raqibi o‘yinni tenglashtirib, vaziyatni nazoratga olgan. Biroq bir nechta aniq yurishlar orqali Abdusattorov tashabbusni yana o‘z tomoniga og‘dirgan.
Endshpilga kelib esa jamoadoshlarining g‘alabalarini ko‘rib, partiyada kamida durangni saqlab qolishiga ishonchi oshgan.
«Muhiddin bilan Javohir oq donalarda tez yutib ketdi. Shundan keyin bu vaziyatni yo durang, yo yutishimga ishonchim komil edi».
d5 yurishining ortida Arjun Erigaisi partiyasi turgan
Abdusattorovning e4 ga d5 yurishidan keyingi tabassumi ham tasodifiy bo‘lmagan. Uning aytishicha, bu g‘oya avvalgi Olimpiadada hindistonlik grossmeyster Arjun Erigaisi qo‘llagan partiyadan ilhomlangan.
«O‘tgan Olimpiadada Arjun Erigaisi e4 d5 yurishi bilan raqibini mag‘lubiyatga uchratgan edi. O‘sha o‘yindan ruhlanib, men ham shu variantni qo‘lladim».
Abdusattorovning fikricha, raqib bu variantga tayyor bo‘lmagan va natijada u debyutdan qulay vaziyatga ega bo‘lgan.
Ruhiy holat juda zo‘r
So‘nggi tur oldidan jamoaning kayfiyati haqida gapirar ekan, Abdusattorov o‘zbekistonlik shaxmatchilarning ruhiy holatini yuqori baholadi.
«Ruhiy holatimiz juda ham zo‘r. Endi Xudo xohlasa, oxirgi turda yutqazmasak, chempion bo‘lamiz».
Uning aytishicha, keyingi raqib Ukraina yoki shu ochkolar atrofida borayotgan boshqa jamoalardan biri bo‘lishi mumkin.
Armaniston tarkibida avlod almashinuvi ketmoqda
Abdusattorov Armaniston terma jamoasidagi tarkibiy o‘zgarishlarga ham to‘xtaldi.
Uning fikricha, jamoada hozir avlod almashinuvi jarayoni ketmoqda va yangi kuchli shaxmatchilar paydo bo‘lyapti.
«Armanistonda hozir o‘zgarishlar davri bo‘lyapti. Yangi avlod o‘yinchilari qo‘shilgan. U yerda ham juda kuchli shaxmatchilar yetishib chiqmoqda».
Abdusattorov Armaniston kelgusi Olimpiadalarda ham O‘zbekiston uchun munosib raqib bo‘lib qolishini kutmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Javohir Sindarov Bibisara Assaubayeva uchun transportni to‘xtatgani haqida yozgan edi.