Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha shartlaridan voz kechmadi

Eron AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha taklifini ochiqchasiga rad etganidan keyin ham o‘z shartlarida qolishini ma’lum qildi. Tehron hozircha Vashingtonning rasmiy javobini vositachilar orqali olmaganini ta’kidladi.
Eron yetti kunlik reja taklif qilgan
Tehron BMT Bosh assambleyasi doirasida Hormuz bo‘g‘ozini yetti kun ichida qayta ochishga qaratilgan reja taqdim etgan. Taklif Qatar vositachiligida AQSh tomoniga yetkazilgani aytilmoqda.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining so‘zlariga ko‘ra, rejada Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlarni, jumladan, Livandagi to‘qnashuvlarni to‘xtatish hamda avvalgi sulh kelishuvining ayrim shartlarini bajarish ko‘zda tutilgan. Ular orasida Eronning muzlatilgan aktivlarini bo‘shatish, Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni yumshatish va AQShning Eron portlariga nisbatan blokadasini tugatish talablari bor.
Tramp taklifni rad etdi
Donald Tramp 26-sentabr kuni Eron taklifini rad etganini ma’lum qildi. U Tehron Hormuz bo‘g‘ozini tezda qayta ochishni istayotganini aytdi.
Biroq Aroqchi Eron tomoni Trampning ommaviy bayonotini ko‘rgan bo‘lsa-da, vositachilardan hali rasmiy javob olmaganini ta’kidladi.
«Biz vositachilarning AQShning yakuniy pozitsiyasini yetkazishini kutyapmiz va shundan kelib chiqib qaror qabul qilamiz», – dedi u.
Eron tashqi ishlar vaziri mamlakatning Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha shartlari o‘zgarmaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘g‘ozni qayta ochish faqat Tehron ilgari surgan talablar bajarilgandan keyin mumkin bo‘ladi.
Aroqchi, shuningdek, Eron diplomatiya va muzokaralar eshigini yopmaganini, biroq o‘z huquqlaridan ham voz kechmasligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron Trampga taklif bergani haqida yozgan edi.