Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston shaxmatchilarini Olimpiada chempionligi bilan tabrikladi

eʼlon qilindi
Hindiston, Xitoy va AQSH ustidan qozonilgan g‘alabalar qayd etildi
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston shaxmatchilarini Olimpiada chempionligi bilan tabrikladi
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasida g‘olib chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini tarixiy natija bilan tabrikladi.

Davlat rahbari O‘zbekiston shaxmatchilari ikkinchi bor Olimpiada chempioni bo‘lganini alohida qayd etib, jamoani «jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlod» deb atadi.

Prezident tabrigida Samarqanddagi Olimpiadada 200 dan ortiq mamlakatlardan qariyb 2 ming shaxmatchi qatnashgalarnini ta’kidladi.

«Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak sharafli unvon, buyuk zafar barchamizga, ko‘p millatli xalqimizga muborak bo‘lsin», – deyiladi tabrikda.

Shavkat Mirziyoyev terma jamoa a’zolarining musobaqa davomida ko‘rsatgan mahorati, irodasi va natijalarini yuqori baholadi.

Hindiston, Xitoy va AQSH ustidan qozonilgan g‘alabalar qayd etildi

Prezident O‘zbekiston terma jamoasining turnir davomida kuchli raqiblar ustidan qozongan g‘alabalariga alohida to‘xtaldi.

Jumladan, amaldagi Olimpiada chempioni Hindiston, kuchli shaxmat maktabiga ega Xitoy hamda jahon reytingida yuqori o‘rinlarda turadigan AQSH terma jamoalari mag‘lub etilgani ta’kidlandi.

Davlat rahbari bu natijalar O‘zbekistonda shakllangan shaxmat maktabining salohiyatini ko‘rsatganini qayd etdi.

Abdusattorov birinchi taxtada oltin medal oldi

Shavkat Mirziyoyev Nodirbek Abdusattorov turnir davomida mag‘lubiyatga uchramaganini va birinchi taxtada oltin medalni qo‘lga kiritganini alohida ta’kidladi.

Nodirbek Yoqubboyevning Turkiya, Hindiston, Xitoy va AQSH vakillariga qarshi muhim partiyalardagi o‘yini ham yuqori baholandi.

Prezident uning hindistonlik Nihal Saringa qarshi partiyasini alohida eslab, murakkab vaziyatda topilgan taktik yechimlar jamoaning g‘alabasida muhim rol o‘ynaganini qayd etdi.

Sindarov va Madaminovning hissasi alohida e’tirof etildi

Tabrikda Javohir Sindarovning umumiy g‘alabaga katta hissa qo‘shgani ta’kidlandi. Shuningdek, ilk bor bunday yirik xalqaro turnirda qatnashgan Muhiddin Madaminovning birorta ham mag‘lubiyatga uchramagani yuqori baholandi.

Shamsiddin Vohidovning Hindiston, Turkiya va Vengriyaga qarshi bahslarda muhim ochkolar qo‘lga kiritgani ham qayd etildi.

Ikkinchi tarkib va ayollar jamoasi natijalari ham tilga olindi

Prezident O‘zbekistonning ikkinchi tarkibi qayd etgan natijaga ham e’tibor qaratdi. Jahongir Vohidov boshchiligidagi jamoaning Ispaniya, Angliya va Niderlandiya vakillariga qarshi g‘alabalari alohida tilga olindi.

Ayollar terma jamoasi esa 11 turda yettita g‘alaba qozonib, 13-o‘rinni egalladi.

Parashaxmatchilar tarixiy bronza medalini qo‘lga kiritdi

Samarqand Olimpiadasida O‘zbekiston parashaxmatchilari ham ilk bor jamoaviy bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Shavkat Mirziyoyev Selbi, Abdulaziz va Ahadxonning shaxsiy natijalarini ham alohida qayd etdi.

«Sizlar — Yangi O‘zbekiston qahramonlarisiz»

Davlat rahbari terma jamoa a’zolarini «Yangi O‘zbekiston qahramonlari» va «oltin avlod» deb atadi.

«Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, g‘ururlanadi», – deyiladi murojaatda.

Prezident O‘zbekistonda shaxmat rivojiga qaratilgan tizimli ishlar va yaratilgan sharoitlar ushbu natijalarga erishishda muhim omil bo‘lganini ta’kidladi.

O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Samarqanddagi 46-Jahon shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritib, tarixda ikkinchi bor Olimpiada chempioniga aylandi. Birinchi oltin medal 2022-yilda Chennay shahrida qo‘lga kiritilgan edi.

Shuningdek