
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Muhiddin Madaminov Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasidagi debyuti, hal qiluvchi turdagi g‘alabasi va jamoaning chempionligi haqida gapirdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar berdi.
Madaminov hal qiluvchi 11-turdagi g‘alabadan keyin juda katta hissiyotlarni boshdan kechirganini aytdi.
«Bu men uchun birinchi Olimpiada. Birinchi Olimpiadamda munosib ishtirok etganimdan va yurtimiz sha’nini himoya qilganimdan juda ham xursandman», – dedi u.
Shaxmatchi terma jamoa uchun yaratilgan sharoit va davlat tomonidan shaxmatga berilayotgan e’tiborni ham alohida ta’kidladi.
«Har kuni hatto Bosh vazir ham o‘yin zalida bo‘lib turdilar. Bu bizga kuch va ishonch berdi. Oxirgi yillarda shaxmatimizga katta e’tibor berilib, bizga juda ko‘p imkoniyatlar yaratildi. Menimcha, bu natijalar shuning hosilasi», – dedi Madaminov.
Bugun o‘ynashimni bilardim — Madaminov
Madaminov oxirgi turda doskaga chiqishini oldindan bilganini va so‘nggi turlarga alohida tayyorgarlik ko‘rib kelganini aytdi.
«Bugun o‘ynashimni bilardim va o‘zimni oxirgi turlarga sozlab kelayotgan edim. Bugungi match umuman oson bo‘lmadi», – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir payt Javohir Sindarovning pozitsiyasi biroz noqulaylashgan va jamoaga g‘alaba juda zarur bo‘lib qolgan.
Madaminov Samarqanddagi Olimpiadani faoliyatidagi eng muhim turnirlardan biri sifatida baholadi.
«Ha, aniq ayta olaman. Olimpiadani juda ham kutgan edim. Bu turnir men uchun ichki o‘ziga ishonch nuqtayi nazaridan juda muhim edi», – dedi u.
Shaxmatchi jamoaga ochkolar olib kelgani va musobaqada munosib qatnashganidan mamnun ekanini ta’kidladi. Madaminov uchun Samarqanddagi Olimpiada ilk tajriba bo‘lgan. U turnirning boshida atmosferaga moslashish oson kechmaganini tan oldi.
«Birinchi ikki tur juda ham qiyin bo‘ldi. Juda asabiylashdim. Keyin sekin-sekin atmosferaga o‘rganib qoldim. Yutishni boshlaganimizdan keyin esa borimizni berish kerakligini tushundim», – dedi u.
Tashkilotchilik va musobaqa muhiti haqida esa Madaminov ijobiy fikr bildirdi.
«Tashkilotchilik juda zo‘r, atmosfera ham juda yaxshi bo‘ldi», – dedi shaxmatchi.
Eng yodda qolgan partiya — 10-turdagi o‘yin
Madaminovning aytishicha, Olimpiadaning so‘nggi ikki turidagi partiyalari uning o‘ziga eng ko‘p yoqqan.
«Oxirgi ikkita o‘yinni juda yaxshi o‘ynadim, deb o‘ylayman. Ayniqsa, kechagi partiya menga eng ko‘p yoqdi», – dedi u.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Javohir Sindarov Bibisara Assaubayeva uchun transportni to‘xtatgani haqida yozgan edi.