Dollar valyutasining kelajagi qanday — ekspert sharhi

eʼlon qilindi
Dedollarizatsiya dollarni siqib chiqarishi uchun vaqt kerak
Dollar valyutasining kelajagi qanday — ekspert sharhi
Foto: depositphotos

AQSh dollari jahon moliya tizimida asosiy zaxira va hisob-kitob valyutasi bo‘lib qolmoqda. Biroq Xitoy yuanining xalqaro savdodagi roli oshishi, AQSh davlat qarzining ko‘payishi va dedollarizatsiya jarayonlari fonida dollarning kelajagi haqida savollar ham ko‘paymoqda. Iqtisodchi, iqtisod fanlari doktori To‘lqin Boboqulov Kursiv Uzbekistan’ga AQSh dollarining yaqin 3 – 5 yildagi istiqboli, uning jahon moliya tizimidagi mavqeyi hamda so‘mning dollarga nisbatan kelajakdagi dinamikasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan omillar haqida fikr bildirdi.

Dollar yaqin yillarda yetakchi mavqeyini saqlab qolishi mumkin

Boboqulovning fikricha, AQSh iqtisodiyoti mustahkam poydevorga ega. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda iqtisodiy xatarlar va imkoniyatlar bo‘yicha hukumatga muntazam tahliliy ma’lumot yetkazib beradigan kuchli ekspert maktabi shakllangan.

Ekspert dollarni dunyodagi beshta yetakchi zaxira valyutasi orasida eng muhim valyuta sifatida baholaydi.

«2025-yil yakuni bo‘yicha jahon savdosining qariyb 60 foizi, dunyodagi xalqaro hisob-kitoblarning esa 50 foizdan ortiq qismi AQSh dollarida amalga oshirilmoqda».

Boboqulov yana bir omil sifatida AQShning oltin zaxiralarini keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo davlatlarining oltin zaxiralarining qariyb to‘rtdan bir qismi – 8 133 tonna – AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Ushbu omillar hali uzoq vaqt dollarni yetakchi valyuta sifatidagi mavqeyini saqlab qolishiga imkon yaratadi», – dedi iqtisodchi.

Foto: depositphotos

Yuan va yevroning kuchayishi dollarga qanday ta’sir qiladi

Xitoy yuani, yevro va boshqa yetakchi valyutalarning xalqaro savdodagi ulushi oshishi dollar ulushining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Biroq Boboqulovning fikricha, bu jarayon dollarning yetakchi mavqeyini qisqa muddatda yo‘qotishiga olib kelmaydi.

«Xitoy hukumati yuanning jahon valyuta bozorlarida erkin sotilishini ta’minlashga shoshilmayapti. Bu yuan kursini past darajada ushlab turish maqsadi bilan izohlanadi».

Shu sababli, boshqa valyutalarning xalqaro savdodagi roli ortib borsa-da, dollarning o‘rnini yaqin yillarda to‘liq egallashi qiyin bo‘lib qolmoqda.

AQSh davlat qarzi dollar uchun qanchalik xavfli

Foto: depositphotos

AQSh davlat qarzining o‘sishi ko‘pincha dollar uchun asosiy xatarlardan biri sifatida tilga olinadi. Boboqulov esa ushbu omilni hozircha dollar uchun hal qiluvchi xavf deb hisoblamaydi.

Uning fikricha, AQShning asosiy ustunliklaridan biri – qarz majburiyatlarini o‘z milliy valyutasida bajarish imkoniyatidir.

«AQSh davlat qarzi belgilangan $41,1 trlnlik limitdan oshib ketsa ham, dollar uchun jiddiy xavf tug‘ilmaydi. Chunki AQSh boshqa davlatlar oldidagi tashqi qarzini milliy valyutasida to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi».

Ekspertning ta’kidlashicha, bu AQShga katta moliyaviy ustunlik beradi. Bundan tashqari, Federal rezerv tizimining ochiq bozor operatsiyalari ichki qarzni tezkor tartibga solish imkonini beradi.

Federal rezerv dollar kursiga kuchli ta’sir qiladi

Boboqulov Federal rezervning pul-kredit siyosatini dollar kursiga ta’sir qiluvchi eng muhim omillardan biri deb hisoblaydi.

«Federal rezerv tizimining pul-kredit siyosati dollar kursiga favqulodda kuchli ta’sir ko‘rsata oladi. Chunki Federal rezerv katta vakolatlar va instrumentlarga ega».

Ekspert, ayniqsa, AQShning valyuta siyosatiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1999-yil yanvarida Germaniya va Yaponiya moliya vazirlari dollar, yevro va iyenaning nominal almashuv kurslarini bir-biriga bog‘lash taklifini bildirgan, biroq Federal rezerv rahbariyati ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamagan.

Bu Boboqulov fikricha, AQSh pul-kredit va valyuta siyosatida mustaqillikni saqlashga katta ahamiyat berishini ko‘rsatadi.

Foto: depositphotos

Dedollarizatsiya dollarni siqib chiqarishi mumkinmi

So‘nggi yillarda xalqaro savdoda milliy valyutalardan ko‘proq foydalanish va BRICS doirasida yagona valyuta yaratish g‘oyalari dedollarizatsiya haqida munozaralarni kuchaytirdi.

Boboqulovning fikricha, yaqin kelajakda boshqa bir valyutaning dollar o‘rnini to‘liq egallashi ehtimoli past.

«BRICS mamlakatlarining yagona valyutasini muomalaga chiqarish dollar uchun jiddiy xavf sifatida ko‘rilayotgan edi. Lekin bu g‘oyani amalga oshirish qiyin. Yevro loyihasini amalga oshirishning o‘zi 27 yil vaqt oldi», – dedi u.

Shu sababli, dedollarizatsiya jarayonlari davom etishi mumkin bo‘lsa-da, yaqin yillarda dollarni to‘liq almashtiradigan yangi global valyuta shakllanishi kutilmaydi, degan fikrda iqtisodchi.

O‘zbekistonda dollar kursiga nimalar ta’sir qiladi

Boboqulov O‘zbekistonda dollar kursining kelajakdagi dinamikasiga bir nechta ichki iqtisodiy omillar ta’sir qilishini ta’kidladi.

Ular orasida tashqi savdo balansidagi katta taqchillik, davlat tashqi qarzining bir qismi budjet xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilayotgani, valyuta zaxiralarining yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani va inflyatsiyaning yuqori darajada qolayotgani bor.

Ekspertning fikricha, aynan shu omillar so‘mning dollarga nisbatan kursidagi o‘zgarishlarni belgilab beradi.

«So‘mning barqarorligini ta’minlash imkonini beradigan shart-sharoitlar hozircha shakllanmadi», – dedi Boboqulov.

Uning ta’kidlashicha, Markaziy bank valyuta intervensiyalari orqali so‘m kursining vaqtinchalik mustahkamlanishini ta’minlashi mumkin.

Biroq ekspert intensiv valyuta intervensiyasiga uzoq muddatli yechim sifatida qarash noto‘g‘ri, deb hisoblaydi.

«Dunyo amaliyotida intensiv valyuta intervensiyasining salbiy holat ekani allaqachon o‘z isbotini topgan».

Boboqulovning umumiy bahosiga ko‘ra, AQSh dollari yaqin 3 – 5 yilda ham global moliya tizimidagi yetakchi mavqeyini saqlab qolish uchun yetarli asosga ega. Shu bilan birga, boshqa valyutalarning xalqaro savdodagi ulushi ortishi dollarning mutlaq ustunligini bosqichma-bosqich kamaytirishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri jamg‘armalarni dollarda saqlashning afzalliklari va xatarlari haqida yozgan edi.

Shuningdek