Toshkentda 1-oktabrdan avtobus va metroda yo‘lkira oshishi tasdiqlandi

eʼlon qilindi
Bir soat ichida transport almashtirish uchun chegirma saqlanadi
Foto: Hafiza Muxtorova / Kursiv Uzbekistan

Toshkentda avtobus va metroda bir martalik elektron to‘lov narxi 1-oktabrdan 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga oshiriladi. Naqd pulda to‘lash narxi esa o‘zgarmaydi – bir qatnov uchun 3 ming so‘m bo‘lib qoladi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi 25-sentabr kuni jamoat transportida yo‘lkira tariflarini belgilash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Hujjat 1-oktabrdan kuchga kiradi.

Bir soat ichida transport almashtirish uchun chegirma saqlanadi

Transport kartasidan foydalanganda bir soat ichida boshqa jamoat transportiga o‘tish uchun alohida tariflar belgilandi.

Masalan, avtobusda birinchi qatnov 2 500 so‘m, ikkinchi avtobus 1 500 so‘m, uchinchi va undan keyingi avtobus qatnovlari esa bepul bo‘ladi.

Avtobusdan metroga yoki metrodan avtobusga o‘tilganda ham bir soatlik almashish tizimi amal qiladi. Birinchi transport uchun 2 500 so‘m, keyingi ayrim qatnovlar uchun 1 500 so‘mdan to‘lanadi.

Shuningdek, o‘qing: Toshkentda yo‘lkira narxi oshishi: XDP aholi daromadini hisobga olishni talab qildi

Abonementlar narxi ham belgilandi

Faqat avtobus uchun bir kunlik tarif 11 500 so‘m, bir oylik tarif 250 ming so‘m etib belgilandi. Uch oylik paket 682 500 so‘m, olti oylik 1,17 mln so‘m, bir yillik esa 1,95 mln so‘m turadi.

Avtobus va metrodan birgalikda foydalanish uchun bir kunlik tarif 13 500 so‘m, bir oylik 345 ming so‘mni tashkil qiladi. Uch oylik paket 945 ming so‘m, olti oylik 1,62 mln so‘m, bir yillik esa 2,7 mln so‘m etib belgilandi.

Shuningdek, 10 martalik safar paketi 19 ming so‘m, 20 martalik – 38 500 so‘m, 30 martalik – 57 500 so‘m bo‘ladi.

Talaba va pensionerlarga 50% chegirma beriladi

Shuningdek, o‘qing: Toshkent avtobuslarida chiptasiz yurgan 11,7 ming yo‘lovchiga bayonnoma tuzildi

O‘quvchilar, talabalar, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar qatnovlar soniga bog‘liq transport kartalari paketlarini xarid qilganda belgilangan tariflardan 50% chegirma oladi.

Jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega shaxslarning amaldagi imtiyozlari saqlanib qoladi. Bir yo‘lovchining bagajini tashish uchun esa 4 ming so‘m undiriladi.

Kursiv Uzbekistan «Toshshahartransxizmat» AJga jamoat transporti tariflarining oshirilishi, bir yo‘lovchini avtobusda tashish tannarxi, yo‘lkira tushumlari hamda budjet subsidiyalari va boshqalar yuzasidan axborot so‘rovi yuborgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Toshshahartransxizmat» haydovchilar maoshi bo‘yicha e’tirozlarga izoh bergandi. Jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, kompaniyaning sakkizta avtobus saroyida ishlovchi haydovchilarning ish haqi oy yakunlangach hisoblab chiqiladi.

Shuningdek