5 yoshli qiz voqeasidan so‘ng jazoni kuchaytirish taklif qilindi

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida 5 yoshli qiz bilan bog‘liq hodisadan so‘ng bolalarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi yana kun tartibiga chiqdi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida bunday jinoyatlar uchun javobgarlikni imkon qadar kuchaytirish zarurligini bildirdi. Shundan so‘ng yuristlar, huquq himoyachilari va jamoat faollari qonunchilikni kuchaytirish hamda bunday jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Voyaga yetmaganlarga qarshi jinsiy jinoyatlar uchun umrbod qamoq taklif qilingan
Shuningdek, o‘qing: Namangandagi bog‘chada 5 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik: ayrim xodimlar ishdan olindi
Yuridik fanlar doktori Nodirbek Salaevning ma’lum qilishicha, bu yo‘nalishda qonunchilikni kuchaytirish bo‘yicha huquqiy asoslar mavjud.
U 2026-yilgi Davlat dasturi va prezidentning 3-martdagi PF-33-son farmoni asosida voyaga yetmaganlarni zo‘rlash hamda ularga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganini qayd etdi.
Advokat va jurnalist Zafarbek Solijonov esa Saida Mirziyoyevaning bayonotini o‘lim jazosini qayta joriy etish taklifi sifatida talqin qilmaslik kerakligini bildirdi.
U O‘zbekistonda o‘lim jazosi 2008-yil 1-yanvardan bekor qilinganini va Konstitutsiyaning 25-moddasida taqiqlanganini eslatdi. Uning fikricha, gap amaldagi qonunchilik doirasida eng qat’iy jazoni qo‘llash haqida bormoqda.
Huquqshunos Razzoq Altiyev ham javobgarlikni kuchaytirish bilan birga, jazoning muqarrarligiga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.
Jinoyat sodir etganlar uchun maxsus reyestr taklif qilindi
«Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatladi. U bu turdagi jinoyatlar bo‘yicha alohida qonun qabul qilish hamda boshqa muqobil choralarni parlamentda muhokama qilishni taklif etdi.
Bloger Shahnoza Soatova esa jazoni kuchaytirishning o‘zi yetarli emasligini, profilaktika tizimi ham zarurligini bildirdi.
U bolalarga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarning maxsus reyestrini yaratish, bolalar bilan ishlaydigan xodimlarni majburiy tekshiruvdan o‘tkazish hamda 3 – 6 yoshli bolalar uchun shaxsiy daxlsizlik haqida tushuncha beradigan dasturlarni joriy etishni taklif qildi.
Reyestrni ochiq qilish taklifi ham bildirildi
Shuningdek, o‘qing: Namangandagi 5 yoshli qizning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi
Jamoat faoli Aziza Umarova ham bunday reyestr yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi, biroq undagi ma’lumotlarni ochiq qilishni taklif etdi.
U Qozog‘iston tajribasini misol qilib keltirib, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar uchun sudlanganlar haqidagi ma’lumotlardan foydalanish amaliyotini o‘rganishni taklif qildi.
Umarova, shuningdek, takroriy jinoyatlar statistikasi, sudlangan shaxslar ustidan nazorat hamda bolalar muassasalariga ishga qabul qilishda nomzodlarni tekshirish masalalariga ham e’tibor qaratdi.
Shu tariqa muhokamalarda nafaqat jazoni kuchaytirish, balki bolalarga qarshi jinoyatlarning oldini olish, xavf guruhidagi shaxslarni nazorat qilish va bolalar bilan ishlaydiganlarni tekshirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlar uchun umrbod jazo joriy etilishi mumkinligi haqida yozgan edi.