Farg‘ona va Namanganda 2,6 kg gashish musodara qilindi

Farg‘ona va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 2,6 kg ga yaqin gashish moddasi musodara qilindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Cobalt yukxonasidan 1 kg gashish topildi
DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Ichki ishlar va Bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
«Farg‘ona – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt avtomobili Pop tumanidagi «Namangan» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada avtomobil yukxonasiga yashirilgan 1 kg gashish moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Chustda yana 995 gramm gashish aniqlandi
DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda Chust tumanida yana bir tezkor tadbir o‘tkazdi.
Unda «VAZ-2103» avtomobili tekshirilib, salonidan 995 gramm gashish moddasi topildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil ilgari sudlangan shaxsga tegishli bo‘lgan.
Namangandagi xonadondan 648 gramm gashish olindi
Namangan shahridagi xonadonlardan biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, yerto‘lada 648 gramm gashish moddasi saqlanayotgani aniqlandi.
Tekshiruv davomida giyohvandlik vositasi boshqa bir shaxsdan $5 mingga sotib olingani aniqlangan. Mazkur shaxs ham protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda noqonuniy dori savdosi bilan shug‘ullangan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.