O‘zbekistonda 2030-yilgacha 1 023 ta bog‘ va park yaratiladi

O‘zbekistonda 2030-yilgacha yashil bog‘ va jamoat parklari sonini 1 023 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning 2026-yil 23-sentabrdagi farmonida belgilangan.
Mahallalarda yangi yashillik standarti joriy etiladi
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida har bir tuman va shaharda kamida beshtadan soyali sayr ko‘chasi tashkil qilinadi. Yer maydoni kam hududlarda esa 200 kv.m dan 1 ming kv.m gacha mikroo‘rmonlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Daraxt ekishda sun’iy intellektdan foydalaniladi
Tajriba tariqasida «Yashil AI» tizimi ishga tushiriladi. U tuproq, suv, iqlim va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida qaysi hududga qanday daraxt ekish maqsadga muvofiqligini aniqlashga yordam beradi. Tizim ekilgan ko‘chatlarning holatini kuzatish va ularning qurib qolish xavfini oldindan baholash uchun ham ishlatiladi.
Shuningdek, o’qing: Mahallalar uchun «yashil reyting» joriy etiladi
2027-yildan «Yashil lot» tizimi joriy etiladi
2027-yildan yashil hududlar tashkil etish uchun yer ajratishda «Yashil lot» tizimi ishga tushiriladi. Bunday yer maydonlaridan bog‘ va ko‘kalamzor hudud yaratish maqsadida foydalanish ko‘zda tutilgan.
Shu yildan boshlab mahallalarga o‘rmonchi-murabbiylar ham biriktiriladi. Ular daraxt ekish va parvarishlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatadi.
Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev Mintaqaviy ekologik sammitda qanday takliflarni ilgari surgani haqida yozgan edi.