Alisher Qodirov o‘lim jazosini joriy etishni qo‘llab-quvvatladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Qodirov pedofillar uchun ham keskin jazo tarafdori
Alisher Qodirov
Foto: Alisher Qodirovning instagram sahifasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov ayrim og‘ir jinoyatlar, xususan, bola qotillari va pedofillarga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanishi kerak, degan fikrni bildirdi.

Qodirov Namangandagi 5 yoshli qiz bilan bog‘liq voqeaga munosabatida ayrim toifadagi jinoyatchilarni umrbod jamiyatdan ajratib qo‘yishning o‘zi yetarli emas, deb hisoblashini yozgan.

«O‘lim jazosi zaruratdir»

Shuningdek, o‘qing: Namangandagi bog‘chada 5 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik: ayrim xodimlar ishdan olindi

Deputat o‘lim jazosini ayrim og‘ir jinoyatlar uchun zarur chora sifatida ko‘rishini bildirdi. Uning fikricha, qasddan odam o‘ldirganlar, ayniqsa bolalar qotillari va pedofillarga nisbatan keskinroq jazo qo‘llanishi kerak.

Qodirov bunday shaxslarni uzoq muddat qamoqda saqlab, keyinchalik jamiyatga qaytarish yangi xavflarni yuzaga keltirishi mumkinligini ta’kidladi.

«Qasddan odam o‘ldirgan, ayniqsa, bola qotillari o‘zini nima kutayotganini aniq bilishi kerak», – dedi u.

Qodirov pedofillar uchun ham keskin jazo tarafdori

Deputat retsidivistlar, bola qotillari va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslarni alohida toifa sifatida ko‘rish kerakligini bildirdi.

U o‘lim jazosi ehtimoliy jinoyatlarning oldini olish va boshqalarga ogohlantirish vositasi bo‘lishi mumkinligi haqidagi pozitsiyasini bayon qilgan.

Shuningdek, o‘qing: Namangandagi 5 yoshli qizning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi

O‘lim jazosi Konstitutsiya bilan taqiqlangan

Amaldagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 25-moddasida yashash huquqi insonning ajralmas huquqi ekani va O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanishi aniq belgilangan.

Shu sabab o‘lim jazosini amalda qayta joriy etish masalasi oddiy jinoiy qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bilangina cheklanmaydi va amaldagi konstitutsiyaviy normaga ham taalluqli bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 5 yoshli qiz voqeasidan so‘ng bir qator yuristlar va jamoat faollari umrbod qamoq, maxsus reyestr hamda bolalar bilan ishlaydiganlarni tekshirish kabi choralarni ko‘rishni taklif qilayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek