Pensiya hisoblash tartibi o‘zgarsa, pensiya miqdori qanday bo‘ladi

Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasida pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini amaldagi besh yildan bosqichma-bosqich 20 yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, o‘qing: 58-63 yoshgacha ishlash: pensiya islohoti nimani o‘zgartiradi
Pensiya jamg‘armasi direktor o‘rinbosari Nuriddin Shadixodjayevning aytishicha, amaldagi va taklif etilayotgan tartib bo‘yicha pensiya miqdorlari real fuqarolar misolida solishtirilgan. Bu haqda pensiya tizimidagi taklif etilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ishtirok etgan Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar berdi.
Pensiya 6–7 foizga oshishi mumkin
Shadixodjayevning aytishicha, hisob-kitoblarda fuqarolarning butun mehnat faoliyati va ish haqi qanday o‘zgargani tahlil qilingan.
«O‘rtacha ish haqini hisoblash davrini amaldagi besh yildan bosqichma-bosqich 20 yilgacha uzaytirish fuqaroning pensiya miqdorini o‘rtacha 6–7% oshirishga sabab bo‘ladi. Ayrim fuqarolarning so‘nggi 10 yildagi o‘rtacha daromadi avvalgi davrlarga nisbatan o‘rtacha 12% past bo‘lgan. Pensiya ish haqining 55 foizi asosida hisoblangani sababli, bu farq yakuniy pensiya miqdoriga ham ta’sir qiladi».
7 mln so‘m ish haqi misolida pensiya 277 ming so‘mga oshishi mumkin
Shadixodjayev 7 mln so‘m ish haqi oladigan va 25 yil stajga ega fuqaro misolida ham hisob-kitobni tushuntirdi
«Bu fuqaroning bugungi kundagi pensiya miqdori 3 million 300 ming so‘m, chunki bizda 6 million so‘mlik chegara bor. Yangi tartib bo‘yicha chegara 10% ga oshirilsa, fuqaroning ish haqi chegarasi 6 million 600 ming so‘m bo‘ladi. O‘rtacha hisobda bu 277 ming so‘m yoki 8% ga pensiya oshishiga sabab bo‘ladi».
Amaldagi tartibda pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 6 mln so‘m. Taklif etilayotgan tartibda bu chegara 10 foizga oshib, 6,6 mln so‘mga yetishi mumkin. Shunda 25 yil stajga ega va 7 mln so‘m ish haqi oladigan fuqaroning pensiyasi qariyb 3,3 mln so‘mdan 3,6 mln so‘mga oshishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» pensiya islohoti loyihasi kelib tushgan takliflar asosida qayta ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingani haqida yozgan edi.