Jizzaxda tosh davridan qolgan binolar topildi

Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida olib borilgan arxeologik-qidiruv ishlari davomida tosh davriga oid yangi makonlar hamda 30 ga yaqin qoyatosh tasviri aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Zominda paleolit va neolit makonlari topildi
Madaniy meros agentligi hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari sentabr oyida Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida dala-qidiruv ishlarini olib bordi.
Tadqiqotlar davomida Zomin tumanining bir nechta hududlarida tosh davriga oid yangi arxeologik obyektlar aniqlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Achchi qishlog‘ining sharqiy qismida paleolit davriga, Peshag‘or qishlog‘ida esa neolit davriga oid makonlar qayd etilgan.

Bundan tashqari, Achchi qishlog‘ining g‘arbiy qismi va Arja qishlog‘i hududlarida ham neolit davriga mansub topilma joylar aniqlangan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bir hududning o‘zida paleolit va neolit davrlariga oid yodgorliklarning topilishi Zomin vohasi va Turkiston tizmasining ushbu qismidan qadimgi jamoalar uzoq tarixiy davrlar davomida foydalanganini ko‘rsatadi.
Yangi obyektlar Turkiston tizmasida tosh davri jamoalarining tarqalishi, yashash muhiti va xo‘jalik faoliyatini o‘rganish uchun muhim ilmiy manba bo‘lishi mumkin.
Yetti qoyatoshda 30 ga yaqin petroglif
Arxeologik-qidiruv ishlari davomida Sharof Rashidov tumanidagi Ravot qishlog‘i hududida, Ravotsoyning chap sohilida yangi qoyatosh suratlari majmuasi ham aniqlangan. Yetti dona slanets qoyatosh yuzasida jami 30 ga yaqin petroglif qayd etilgan.

Tasvirlar orasida ovchi, tog‘ echkisi, qoramol, it, quyoshsimon belgi hamda kamondan o‘q uzayotgan ovchi aks etgan.
Dastlabki tahlillarga ko‘ra, ushbu petrogliflar bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrlar bilan bog‘lanadi.
Tadqiqotlar davom ettiriladi
Mutaxassislar aniqlangan arxeologik obyektlar va petrogliflar Jizzax vohasi hamda Turkiston tizmasining qadimgi tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda.
Kelgusida yodgorliklarda keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish, topilmalarni davrlashtirish, ilmiy hujjatlashtirish va ularning tarixiy-madaniy ahamiyatini chuqurroq o‘rganish rejalashtirilgan.
Avvalroq Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida aniqlangan Ozod yodgorligida 3,5 ming yil avvalgi qabrlardan iborat qadimiy qabriston topilgani haqida xabar berilgandi.