O‘zbekistonda Amir Temur nomidagi davlat stipendiyasi joriy etilishi mumkin

eʼlon qilindi
Stipendiyaga da’vogarning bitiruv ishi Amir Temur va temuriylar merosiga bag‘ishlangan bo‘lishi kerak
Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonda Amir Temur nomidagi yangi davlat stipendiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, stipendiya sohiblari bakalavriatni tugatgach, bir yil ichida magistraturaga tanlovsiz va qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinishi mumkin.

Har bir OTM uchun bittadan stipendiya ajratilishi mumkin

Stipendiyaga davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarining oxirgi ikki bosqichida o‘qiyotgan talabalar da’vogarlik qilishi mumkin. Loyihada har bir oliy ta’lim tashkiloti uchun bittadan Amir Temur stipendiyasini ajratish ko‘zda tutilgan.

Kimlar stipendiyaga da’vogarlik qiladi

Nomzod a’lo baholarga o‘qishi, ilmiy yoki ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishi hamda konferensiya va tanlovlarda qatnashgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi, davlat tili va kamida bitta xorijiy tilni bilish talab etiladi. Talabaning bitiruv ishi Amir Temur va temuriylar merosiga bag‘ishlangan bo‘lishi yoki shu mavzuda kamida ikkita ilmiy ishi chop etilgan bo‘lishi kerak.

Hujjatlar har yili sentabr oyida topshiriladi

Loyihaga ko‘ra, keyingi bosqichga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarini har yili 5–15-sentabr kunlari my.edu.uz orqali topshiradi. Yangi tartiblarni 2027/2028-o‘quv yilidan qo‘llash taklif qilinmoqda. Hozircha hujjat loyiha bosqichida.

Avvalroq «Kursiv» Milliy statistika qo‘mitasi talabalar uchun stipendiya tanlovini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek