Uy-joyni kredit uchun garovga qo‘yishda banklarga yangi tavsiyalar berildi

Markaziy bank fuqarolarning o‘zi va oila a’zolari doimiy yashaydigan yagona uy-joyini kredit bo‘yicha garov sifatida qabul qilishda banklarga yangi tavsiyalar berdi. Banklar bunday kreditlarda, avvalo, mijozning qarzni qaytara olish imkoniyatini baholashi kerak.
Markaziy bankka ko‘ra, uy-joyning qimmatligi va uni tez sotish mumkinligi kredit ajratish uchun asosiy omil bo‘lmasligi lozim.
Mijozga uy sotilishi mumkinligi oldindan tushuntiriladi
Shartnoma imzolanishidan oldin bank mijozga kredit qaytarilmasa, garovdagi yagona uy-joyga undiruv qaratilishi va natijada uy sotilishi mumkinligini aniq tushuntirishi kerak.
Agar fuqaro o‘zining yagona uy-joyini boshqa shaxs yoki tadbirkorning krediti uchun garovga qo‘ysa, qarzni o‘zi olmagan bo‘lsa ham, kredit qaytarilmagan taqdirda uy-joyiga undiruv qaratilishi mumkin.
Shuningdek, o‘qing: Uy-joyni ommaviy baholash aholi va biznesga nima beradi — vazir o‘rinbosari izoh berdi
Banklar boshqa ta’minot usullarini ham ko‘rib chiqishi kerak
Markaziy bank tijorat banklariga imkon bo‘lsa, yagona uy-joy o‘rniga boshqa ta’minot usullaridan foydalanishni ko‘rib chiqishni tavsiya etdi.
Qarzdorlik yuzaga kelganda esa undiruv choralariga o‘tishdan oldin qarz oluvchining moliyaviy holatini o‘rganish, kreditni restrukturizatsiya qilish yoki qarzdorlikni boshqa yo‘l bilan tartibga solish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish tavsiya qilindi.
Yagona uy-joyni garovga qo‘yish taqiqlanmaydi
Shuningdek, o‘qing: Toshkentdagi qaysi hududlarda uylar kadastr qiymatidan yuqori baholanmoqda
Markaziy bank bu tavsiyalar yagona uy-joyni kredit uchun garovga qo‘yishni taqiqlamasligini ta’kidladi.
Ularning maqsadi mijozning to‘lov imkoniyatini to‘g‘ri baholash, ehtimoliy oqibatlarni oldindan tushuntirish va banklarda mas’uliyatli kreditlash amaliyotini kuchaytirishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yangi qurilgan uy-joylar narxi 8,1 foizga qimmatlashgani haqida xabar berilgandi. 2026-yil mart oyida O‘zbekistonda ikkilamchi bozordagi uy-joylar narxi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan AQSh dollarida 9,4 foizga, milliy valyutada esa 3 foizga oshgan.