AI yordamida yirik bankdan 95 mln yevro o‘g‘irlandi

Sun’iy intellektdan foydalangan firibgarlar Italiyaning eng yirik banki Intesa Sanpaoloning xususiy bank bo‘linmasi Fideuram’dan 95 mln yevro o‘tkazib olishga muvaffaq bo‘lgan. Jinoyatchilar bank rahbarlari va yirik advokatlardan birining shaxsini taqlid qilgan. Mablag‘ning 36 mln yevroga yaqini hanuz topilmagan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Firibgarlik WhatsApp’dagi xabardan boshlangan
Hodisa fevral oyida boshlangan. O‘sha paytda Fideuram raisi bo‘lgan Paolo Molesiniga Intesa Sanpaolo bosh direktori Karlo Messinadan kelgandek ko‘ringan WhatsApp xabari yuborilgan. Xabarda xorijdagi shoshilinch moliyaviy operatsiya bo‘yicha yordam so‘ralgan.
Keyin Molesiniga yirik huquq firmasining katta hamkoridan qo‘ng‘iroq kelgan. Qo‘ng‘iroq qilgan shaxs avvalgi xabardagi topshiriqni tasdiqlagan.
Manbalarga ko‘ra, firibgarlar ushbu advokatning ovozini sun’iy intellekt yordamida klonlagan. Shu sababli qo‘ng‘iroq haqiqiydek ko‘ringan.
€95 mln Xitoy va Gonkongdagi hisob raqamlariga yuborilgan
Molesini topshiriqni haqiqiy deb hisoblab, bankning moliya bo‘limiga xorijdagi hisob raqamlariga bir nechta pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni buyurgan. Jami qariyb 95 mln yevro asosan Xitoy va Gonkongdagi hisob raqamlariga yuborilgan.
Fideuram qisqa vaqt ichida operatsiyalarda shubhali holatlarni aniqlab, boshqa davlatlardagi banklar va huquq-tartibot idoralarini xabardor qilgan.
Italiya, Xitoy va Portugaliya rasmiylarining hamkorligi natijasida taxminan 53 mln yevro qaytarilgan. Biroq qolgan 36 mln yevro xorijdagi hisoblar tarmog‘i orqali o‘tkazilib, kriptovalyutaga aylantirilganidan keyin uning izi yo‘qolgan.
Bank rahbarlari tergov ostida emas
Reuters manbalariga ko‘ra, Paolo Molesini va Fideuramning boshqa rahbarlari mazkur firibgarlik bo‘yicha tergov qilinmayapti.
Shu bilan birga, Milan prokuraturasi Yevropadan tashqarida yashovchi xorijlik fuqaroni kompyuter firibgarligida gumon qilib, tergovga jalb qilgan.
Molesini mart oyida shaxsiy sabablarini ko‘rsatgan holda Fideuram raisi lavozimidan iste’foga chiqqan. Bank o‘sha paytda iste’foga oid qo‘shimcha tafsilotlarni ma’lum qilmagan.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, bu Italiyada sun’iy intellekt yordamida amalga oshirilgan ilk yirik firibgarlik holati emas. 2025-yilda firibgarlar italiyalik vazirning ovozini AI orqali taqlid qilib, tadbirkor Massimo Morattini qariyb 1 mln yevroni xorijdagi hisob raqamiga o‘tkazishga ishontirgan. Bu mablag‘ keyinchalik qaytarilgan.
Avvalroq OpenAI kompaniyasining sun’iy intellekt agenti Avstraliya hukumatiga tegishli Medicare statistik ma’lumotlar portaliga ruxsatsiz kirgani haqida xabar berilgandi.