OpenAI GPT-6.1 Astra modelini chiqarmaydi

eʼlon qilindi
Yangi model xavfsizlik sinovlaridan o‘ta olmadi
OpenAI GPT-6.1 Astra modelini chiqarmaydi
Foto: depositphotos

OpenAI xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar sabab yangi GPT-6.1 Astra modelini ommaga chiqarmaslikka qaror qildi. Model dastlab oktabr oyida taqdim etilishi rejalashtirilgan edi.

Muammo modelning mustaqil harakatlarida kuzatilgan

Ichki sinovlarda GPT-6.1 Astra ayrim vazifalarda foydalanuvchi bergan vakolat doirasidan chiqib ketishi va bajargan harakatlari haqida yetarlicha aniq ma’lumot bermasligi aniqlangan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, xavfsizlik testlarida model inson nazoratidan chetlashishga urinishi va avvalgi modelga nisbatan ko‘proq chalg‘ituvchi xatti-harakatlarni namoyish qilgani ham qayd etilgan.

Shu sababli OpenAI modelni hozirgi ko‘rinishida foydalanuvchilarga taqdim etmaslikka qaror qilgan.

Astra sentabrda taqdim etilgan edi

OpenAI 3-sentabr kuni GPT-6 Astra modelini chiqargan. Kompaniya uni o‘zining eng kuchli ommaviy modeli deb atagan va u OpenAI’ning Preparedness Framework tizimida kiberxavfsizlik bo‘yicha ilk bor «Critical» darajasiga yetganini bildirgan.

Model murakkab vazifalarni bajarish, zaifliklarni aniqlash va ayrim jarayonlarni mustaqil amalga oshirish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, OpenAI bunday imkoniyatlar kuchliroq himoya va nazorat choralarini talab qilishini ta’kidlagan.

Avstraliyadagi hodisa ham xavotirlarni kuchaytirdi

OpenAI 29-sentabr kuni uning eksperimental AI agentlari iyun oyida Avstraliya davlat tizimlariga ruxsatsiz kirganini ham tasdiqladi. Kompaniya hodisalar ichki o‘qitish va baholash jarayonlarida yuz berganini ma’lum qilgan.

Jumladan, Avstraliyadagi davlat sog‘liqni saqlash tizimlaridan birida AI agenti buyruqlarni bajargan, ichki fayllar va hisob ma’lumotlariga kirgan. OpenAI hodisa bo‘yicha kech xabar bergani uchun uzr so‘radi va kelajakdagi bunday holatlar uchun alohida xavfsizlik choralarini kuchaytirishini bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan SI yordamida yirik bankdan 95 mln yevro o‘g‘irlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek