AQSh Markaziy Osiyoga 5 mln dollar ajratadi

AQSh Markaziy Osiyo davlatlarining kiberxavfsizligi va raqamli rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun $5 mln ajratadi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari Mark Kemeron ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘ CRDF Global tashkiloti orqali AQShning xorijiy yordam dasturi doirasida taqdim etiladi.
Mablag‘ qaysi yo‘nalishlarga sarflanadi
Ajratiladigan mablag‘ kiberhodisalarga tezkor javob berish tizimini takomillashtirish, muhim infratuzilmani himoya qilish, moliya sektorining kiberxavfsizligini oshirish va ushbu sohadagi davlat siyosatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
AQShning xalqaro kiber va raqamli siyosati ham sherik davlatlarda xavfsiz raqamli infratuzilma yaratish va kiberbarqarorlikni oshirishga qaratilgan.
Sun’iy intellekt ham muhim yo‘nalish bo‘ladi
Kemeron Markaziy Osiyo strategik jihatdan muhim hudud ekanini va kelajakda ma’lumotlar hamda g‘oyalar global harakatining muhim markazlaridan biriga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, yangi texnologiyalar va internet imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish uchun davlatlarga sifatli va ishonchli aloqa tarmoqlari zarur.
Shuningdek, diplomat sun’iy intellekt iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va odamlarning ishlash hamda muloqot qilish usullarini o‘zgartirayotganini qayd etdi.
Hamkorlik C5+1 doirasida rivojlantiriladi
AQSh vakiliga ko‘ra, C5+1 mamlakatlari kiberxavfsizlik va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh sanksiyalari Eron parvozlarini qisqartirayotgani haqida yozgan edi.