Surxondaryo hokimi ishga velosipedda qatnay boshladi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahrida ishga velosipedda qatnay boshladi. Termiz shahar hokimligining xabar berishicha, viloyat hokimiga boshqarma, tashkilot va muassasalar rahbarlari ham qo‘shilgan.
Rahbarlarga ham velosipeddan foydalanish tavsiya qilindi
Qosimov barcha darajadagi rahbarlarga ishga borish va qaytishda, shuningdek, shahar ichida harakatlanishda imkon qadar velosipeddan foydalanishni tavsiya qilgan. Tashabbus 2026-yil 25-martdagi «Toza havo» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjat asosida 1-maydan boshlab har oyning 10 va 25-sanasida «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkazib kelinmoqda.
1-oktabrdan ekologik ikki oylik boshlanadi
Prezidentning 2026-yil 23-sentabrdagi farmoniga ko‘ra, joriy yilning 1-oktabridan mamlakatda «Tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligi» o‘tkaziladi. Unda hududlarni obodonlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish va mahallalarning ekologik tashabbuslarda ishtirokini oshirish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2026-yil 1-maydan boshlab har oyning 10 va 25-sanalarida «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkazilishi haqida yozgan edi.