
Honor kompaniyasi Honor Win2 seriyasiga mansub yangi smartfon ustida ishlamoqda. Qurilma 12 000 mA/soatdan yuqori sig‘imli batareya va faol sovitish tizimiga ega bo‘lishi mumkin.
Smartfon katta batareya va ventilyator oladi
Yangi qurilma Barrett kod nomi ostida ishlab chiqilmoqda. Manbaga ko‘ra, Honor Win2 uchun qizil-ko‘k rangdagi uchta dizayn varianti ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ular Buff, Fast Game va Win by Choice nomlari bilan qayd etilgan.
Smartfonning muhandislik namunasi 12 000 mA/soatdan yuqori sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Bundan tashqari, qurilmada katta ventilyator va issiqlikni chiqarishga mo‘ljallangan kengaytirilgan sovitish bloki mavjud.
Bunday yechim smartfon yuqori yuklama ostida uzoq vaqt ishlaganda uning unumdorligini saqlab qolishga yordam berishi kutilmoqda.
Hozircha Honor Win2’ning protsessori, kameralar tizimi va taqdimot sanasi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Honor Win Pad ham tayyorlanmoqda
Honor ayni paytda ixcham Win Pad planshetini ham ishlab chiqmoqda. Qurilma qora va kumush rangli korpuslarda taqdim etilishi kutilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, planshet 8,4 dyuymli OLED displeyga ega bo‘ladi. Ekranning yangilanish chastotasi 240 Gts ni tashkil etadi, frontal kamera uchun esa maxsus kesma ko‘zda tutilgan.
Win Pad’ning apparat platformasi sifatida Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori qo‘llanishi mumkin. Planshet ham faol sovitish ventilyatori bilan jihozlanadi. Bu uzoq davom etadigan yuqori yuklama paytida qurilmaning ishlash tezligini barqaror ushlab turishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honor Magic 9 narxi rasman e’lon qilingani haqida yozgan edi.