G‘uzorda 22 nafar o‘quvchi paxta dalasiga sepilgan doridan zaharlandi

eʼlon qilindi
Hozirda 7 nafar o‘quvchi shifoxonada
Foto: G‘uzor tumani hokimligi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi maktab o‘quvchilari paxta dalasiga sepilgan kimyoviy vosita sabab zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga olib kelindi. Hozirda 7 nafar o‘quvchi davolanmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Dori maktab yaqinidagi paxta dalasiga sepilgan

Voqea 23-sentabr kuni soat 11:45 atrofida G‘uzor tumanidagi 51-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida yuz bergan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, maktab joylashgan Yangiobod mahallasiga tutash hududda «Shohmalik Shermurod o‘g‘li» fermer xo‘jaligiga tegishli 88 gektar yer maydoni mavjud. Shundan 20 gektari maktab atrofida joylashgan bo‘lib, u yerga paxta ekilgan.

23-sentabr kuni soat taxminan 09:00 da fermer xo‘jaligi paxtaning erta yetilishini ta’minlash maqsadida dalaga «Agro Augron» nomli dori vositasini sepgan.

O‘quvchilarda ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kuzatilgan

Shundan so‘ng maktabdagi 10 – 11-sinf o‘quvchilarida ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kabi alomatlar kuzatilgan.

Rasmiy ma’lumotda dastlab 21 nafar o‘quvchi G‘uzor tumani tibbiyot birlashmasiga olib kelingani qayd etilgan. Keyingi qismda esa jami 22 nafar o‘quvchi zaharlanish alomatlari bilan tibbiyot muassasasiga yotqizilgani ko‘rsatilgan. Ularga dastlab «oshqozon dispepsiya sindromi» tashxisi qo‘yilgan.

Hozirda 7 nafar o‘quvchi G‘uzor tumani tibbiyot birlashmasida statsionar davolanmoqda. Qolgan 15 nafar o‘quvchining sog‘lig‘i yaxshilangani sababli uyiga javob berilgan.

Fermer xo‘jaligiga oid holat bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi (Zararli kimyoviy moddalar bilan muomalada boʻlish qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hodisaga huquqiy baho berish uchun tegishli ekspertizalar tayinlangan. Hozirda Qashqadaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov davomida o‘quvchilarning zaharlanishiga aynan qaysi omillar sabab bo‘lgani va kimlarning mas’uliyati borligi aniqlanadi.

Avvalroq Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi 6-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida 2026-yil 28-avgust kuni 2023-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi hasharotlarga qarshi ishlatiladigan vositani ichib qo‘yib vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek