«Davr bank» nomini o‘zgartiradi

eʼlon qilindi
Kuzatuv kengashi tarkibi ham o‘zgaradi
Foto: Yandex

«Davr bank» aksiyadorlari 9-oktabr kuni bankning firma nomini o‘zgartirish, kuzatuv kengashi va boshqaruv tarkibini yangilash hamda dividend siyosatini tasdiqlash masalalarini ko‘rib chiqadi. Yig‘ilish Ozarbayjonning ABB banki «Davr bank»dagi 51 foiz ulushni sotib olish bitimini yakunlaganidan bir oy o‘tib o‘tkaziladi. Bu haqda bankning rasmiy sahifasida xabar berildi.

Bank nomi o‘zgarishi masalasi kun tartibida

«Davr bank» 2026-yil 9-oktabr kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini o‘tkazadi. Yig‘ilish Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Muqimiy ko‘chasi, 7/3-uy manzilida soat 18:00 da boshlanadi. Aksiyadorlarni ro‘yxatga olish 17:30 da boshlanadi.

Yig‘ilish kun tartibiga jami 10 ta masala kiritilgan. Ular orasida bank ustavini yangi tahrirda tasdiqlash va bankning firma nomini o‘zgartirish ham bor.

Shuningdek, amaldagi kuzatuv kengashi va boshqaruvning ayrim a’zolari vakolatlarini muddatidan oldin tugatish, kuzatuv kengashining yangi tarkibini saylash hamda Boshqaruv tarkibini qisman o‘zgartirish rejalashtirilgan.

«Davr bank»ning 51 foizi Ozarbayjon bankiga o‘tdi

Yig‘ilish bank aksiyalarining nazorat paketi Ozarbayjonning ABB bankiga o‘tganidan keyin o‘tkazilmoqda.

Bitim 10-sentabr kuni Toshkent fond birjasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. ABB «Davr bank»ning 51 mln dona oddiy aksiyasini, ya’ni bank ustav kapitalining 51 foizini sotib olgan. Bitimning umumiy qiymati 1,646 trln so‘m yoki qariyb 140 mln dollarni tashkil etgan.

ABB Bank avvalroq O‘zbekiston bozoriga «ABB Davr» brendi ostida kirishini ma’lum qilgan. Bank universal moliyaviy tashkilot sifatida jismoniy shaxslar, kichik va o‘rta biznes hamda yirik korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

Bank nomi «ABB Davr»ga o‘zgarishi kutilmoqda

ABB va «Davr bank» tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda bank O‘zbekiston bozorida «ABB Davr» brendi ostida faoliyat yuritishi aytilgan. 9-oktabrdagi aksiyadorlar yig‘ilishi kun tartibiga firma nomini o‘zgartirish masalasining kiritilgani ham shu jarayon bilan bog‘liq. Biroq yangi yuridik nom aynan qanday bo‘lishi yig‘ilish qaroridan keyin ma’lum bo‘ladi.

Bankning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, «Davr bank» hozirda 2 mln nafardan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi, 1,8 mingdan ziyod xodimlarga ega hamda Toshkent va hududlarda 43 ta filial va xizmat ko‘rsatish markaziga ega.

Dividend siyosati ham qayta ko‘rib chiqiladi

Aksiyadorlar yig‘ilishida dividend siyosatini tasdiqlash ham rejalashtirilgan.

Bundan oldingi, 8-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yillik umumiy yig‘ilishda bankning 2025-yil yakunlari bo‘yicha sof foydasi 667,34 mlrd so‘m bo‘lgani ma’lum qilingan. Shundan 5 foizi – 33,37 mlrd so‘m – umumiy zaxira fondiga yo‘naltirilishi belgilangan.

Shu yig‘ilishda bankning 2025-yilgi yillik hisoboti, 2026-yil uchun biznes-rejasi hamda «Grant Thornton» auditorlik kompaniyasining hisoboti tasdiqlangan.

ABB kelgach, bankning reytingi ham oshirildi

ABB tomonidan «Davr bank»dagi nazorat paketi sotib olinganidan keyin xalqaro reyting agentligi S&P Global Ratings bankning uzoq muddatli kredit reytingini B dan B+ darajasiga oshirgan. Reyting bo‘yicha prognoz «barqaror» deb belgilangan.

S&P bahosiga ko‘ra, zarurat tug‘ilganda «Davr bank» ABB Financial Group tomonidan sezilarli qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Agentlik «Davr bank»ning chakana bank xizmatlari hamda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga e’tiborini saqlab qolishini kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev «ABB Davr» loyihasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etgandi.

Shuningdek