Marokashda ilk ayol bosh vazir tayinlandi

eʼlon qilindi
Fotima Zahra Mansuriy hukumatni shakllantirish vazifasini oldi
Marokashda ilk ayol bosh vazir tayinlandi
Foto: Abdel Majid Bziouat / AFP

Marokash qiroli Muhammad VI Fotima Zahra Mansuriyni mamlakat bosh vaziri etib tayinladi. Shu tariqa u Marokash tarixidagi ilk ayol bosh vazir bo‘ldi.

Mansuriyga yangi hukumatni shakllantirish vazifasi yuklatildi. Uning «Authenticity and Modernity Party» – PAM partiyasi yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida eng ko‘p o‘rinni qo‘lga kiritgan.

PAM saylovda 97 ta o‘rin oldi

PAM Marokash Vakillar palatasidagi 395 o‘rindan 97 tasini qo‘lga kiritdi. Bu ikkinchi o‘rinni egallagan partiyadan 31 ta ko‘p. Biroq partiya mutlaq ko‘pchilikka ega bo‘lmagani sababli hukumat tuzish uchun koalitsiya shakllantirishi kerak bo‘ladi.

Saylovda qatnashish darajasi 38% ni tashkil etdi, bu 2007-yildan beri eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.

Yangi bosh vazir haqida

50 yoshli Fotima Zahra Mansuriy huquqshunos bo‘lib, 2008-yildan PAM partiyasi a’zosi hisoblanadi. U partiyaning yetakchi siyosatchilaridan biri sifatida tanilgan.

Mansuriy 2009-yilda Marrakesh shahri meri qilib saylangan va bu lavozimni egallagan ilk ayol bo‘lgan. U 2015-yilgacha shaharga rahbarlik qilgan, 2021-yilda esa yana mer lavozimiga qaytgan. Bundan tashqari, u parlament a’zosi va hukumatda vazir sifatida ham ishlagan.

U Arab dunyosida bosh vazir lavozimini egallagan ikkinchi ayol bo‘ldi. Bungacha Tunisda Najla Buden 2021 – 2023-yillarda hukumatga rahbarlik qilgan.

Yangi hukumat oldidagi vazifalar

Yangi hukumat inflyatsiyani jilovlash, ish haqlarini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish kabi iqtisodiy masalalarni hal qilishi kutilmoqda. Shuningdek, Mansuriy hukumati Marokashning 2030-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida amalga oshiriladigan yirik investitsiyalarni ham nazorat qiladi.

Mansuriy yangi hukumat dasturi fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning muammolariga aniq va real yechimlar taklif qilishini aytdi. PAM esa hukumat koalitsiyasini tuzishda boshqa siyosiy kuchlar bilan muzokaralarga tayyorligini bildirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Ispaniya hududiga bir kunda minglab migrantlar kirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek