Agrar sohada yangi subsidiyalar joriy etiladi

O‘zbekistonda agrar sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi kengaytiriladi. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi subyektlariga paxta yetishtirish, chorvachilik uchun ozuqa ekinlari ekish hamda sovitilgan mol va qo‘y go‘shti importi bo‘yicha yangi subsidiyalar ajratiladi.
Paxtaning har tonnasi uchun 500 ming so‘m
2026-yil hosilida yetishtirilgan paxta xomashyosining har bir tonnasi uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi. Bunda 4 va 5-navli paxta ushbu tartibdan mustasno.
Shuningdek, 2026-yilda o‘ziga biriktirilgan yer maydonlarida paxta yetishtirgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va ular ta’sis etgan korxonalarga har bir gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Chorvachilik xo‘jaliklariga ham subsidiya beriladi
2027 – 2029-yillarda chorvachilik xo‘jaliklariga asosiy maydonlarda ozuqa ekinlari yetishtirgani uchun subsidiya berish ko‘zda tutilgan.
Subsidiya Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi xulosasi asosida har bir gektar ekin maydoni uchun yiliga 500 ming so‘mni tashkil etadi.
Go‘sht importiga har kilogramm uchun 2,5 ming so‘m
2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-iyungacha tadbirkorlik subyektlariga sovitilgan mol va qo‘y go‘shti importi uchun ham subsidiya ajratiladi.
Bunda import qilingan har bir kilogramm go‘sht uchun 2,5 ming so‘mdan moliyaviy ko‘mak beriladi.
«Natijaviy subsidiya» tizimi sinovdan o‘tkaziladi
2027-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar uchun «Natijaviy subsidiya» tizimi huquqiy tajriba sifatida joriy etiladi.
U suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplashga qaratiladi.
Subsidiya miqdori faqat sarflangan xarajatlarga emas, balki hosildorlik, mahsulot sifati hamda boshqa natija ko‘rsatkichlariga qarab ham belgilanadi.
Sug‘urta xarajatlariga chegirma beriladi
Uch yil davomida sug‘urta hodisasi kuzatilmagan qishloq xo‘jaligi korxonalariga to‘rtinchi yildan boshlab sug‘urta mukofotiga 10% dan 20% gacha chegirma berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, sug‘urta mukofotlarining 3 – 5% qismi ogohlantiruvchi tadbirlar zaxirasiga yo‘naltiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri «Yangi agronom» va «Ustoz-shogird» tizimlari joriy etilishi haqida yozgan edi.