
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov terma jamoa so‘nggi to‘rt yil ichida dunyoning kuchli 20 taligidan birinchi o‘ringa qadar ko‘tarilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqanddagi Olimpiadada g‘alaba qozonishda jamoaning birdamligi va katta bosimga tayyorgarlik muhim rol o‘ynagan. Bu haqda jurnalist Aziza Qurbonova ma’lum qildi.
Abdusattorovning aytishicha, o‘z yurtida o‘tkazilgan Olimpiada oldidan shaxmatchilar musobaqaga alohida mas’uliyat bilan tayyorlangan.
«Bu musobaqada yutmasak bo‘lmasligini his qildik»
Grossmeyster jamoa Olimpiada uchun bor imkoniyatini ishga solganini ta’kidladi.
«Musobaqadan oldin, to‘g‘risi, kechalari bilan shug‘ullanib, faqat shu musobaqa haqida o‘yladik. O‘zimizni katta bosimga ham tayyorladik», – dedi Abdusattorov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, terma jamoa xalq va davlat rahbari tomonidan bildirilgan ishonchni ham his qilgan.
«Chennaydagi g‘alabani hech kim kutmagandi»
Abdusattorov 2022-yildagi Chennay Olimpiadasidagi g‘alaba bilan Samarqanddagi natijani taqqosladi.
Uning aytishicha, Chennayda O‘zbekiston terma jamoasidan g‘alaba deyarli hech kim kutmagan. Samarqanddagi chempionlik esa jamoaning oldingi muvaffaqiyatlari tasodifiy bo‘lmaganini ko‘rsatgan.
«Shu to‘rt yil davomida biz dunyoning kuchli yigirmataligidan birinchi o‘ringa qadar ko‘tarildik», – dedi u.
Jamoaning asosiy kuchi — birdamlik
Abdusattorov O‘zbekiston shaxmatchilarining muvaffaqiyatini faqat individual mahorat bilan bog‘lash to‘g‘ri emasligini aytdi.
Uning fikricha, jamoaning asosiy ustunligi — shaxmatchilarning yoshligidan birga o‘ynab ulg‘aygani, bir-birini yaxshi tushunishi va kuchli jamoaviy ruhiyatga ega ekanida.
«Hatto o‘yin davomida bir-birimizga qarab, vaziyatimiz qandayligini his qila olamiz», – dedi grossmeyster.
Germaniyaga mag‘lubiyatdan keyin tushkunlik bo‘lgan
Abdusattorov Olimpiada davomida chempionlikni boy berish xavotiri ham bo‘lganini yashirmadi.
Uning aytishicha, Germaniyaga qarshi uchrashuvdan keyin jamoa biroz tushkunlikka tushgan. Biroq bosh murabbiy Rustam Qosimjonov shaxmatchilarga dalda bergan.
Shundan so‘ng O‘zbekiston keyingi bahslarda g‘alabalarni davom ettirgan, jumladan, AQSh terma jamoasini ham mag‘lub etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Javohir Sindarov prezident sovg‘a qilgan avtomobilni ko‘rsatgani haqida xabar berilgandi.