2027-yilgacha xususiy pensiya jamg‘armalari tashkil etilishi mumkin

O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha farmon loyihasiga ko‘ra, 2027-yil yakuniga qadar xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalarini tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Yangi tizim fuqarolarga davlat pensiyasidan tashqari ish beruvchi va shaxsiy jamg‘armalar hisobidan ham qo‘shimcha pensiya daromadini shakllantirish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.
Taklifga ko‘ra, xususiy va korporativ pensiya tizimlari fuqarolarning keksalik davridagi daromad manbalarini ko‘paytirishga xizmat qilishi kerak.
Pensiya bir nechta manbadan shakllanishi mumkin
Shuningdek, o‘qing: Pensiya islohoti: odamlar qanday fikrda
Ko‘plab davlatlarda fuqaroning pensiya davridagi daromadi faqat davlat pensiyasi bilan cheklanmaydi. U davlat pensiyasi, ish beruvchi tomonidan shakllantiriladigan kasbiy pensiya va fuqaroning shaxsiy jamg‘armalaridan iborat bo‘lishi mumkin.
Masalan, Shveysariyada ish beruvchilar xodimlarning kasbiy pensiya tizimida ishtirok etadi. Fuqarolar bundan tashqari o‘z xohishiga ko‘ra shaxsiy pensiya jamg‘armalarini ham shakllantirishi mumkin.
Buyuk Britaniyada xodim va ish beruvchi pensiya jamg‘armalariga mablag‘ kiritadi. Ushbu mablag‘lar kelajakda davlat pensiyasiga qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Niderlandiyada esa ish beruvchilar ishtirokidagi kasbiy pensiya tizimi keng tarqalgan. Ayrim sohalarda xodim va ish beruvchining ushbu tizimda qatnashishi majburiy hisoblanadi.
Qo‘shni davlatlarda ham bunday tizim mavjud
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda yangi pensionerlarning 61 foizi to‘liq stajsiz qolmoqda
Rossiya, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘izistonda xususiy hamda korporativ pensiya jamg‘armalari shakllangan. Ular pensiya mablag‘larini boshqarish bilan birga kapital bozorida institutsional investor sifatida ham faoliyat yuritadi.
O‘zbekistonda taklif etilayotgan tizim ham fuqarolarning kelajakdagi pensiya daromadlarini davlat pensiyasidan tashqari qo‘shimcha manbalar hisobidan shakllantirish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pensiya jamg‘armasi qog‘oz hujjatlarni qabul qilmasligi haqida xabar berilgandi.