Dubaydan Tel-Avivga uchgan samolyot garovga olish signalini berdi

Dubaydan Tel-Avivga parvoz qilayotgan Flydubai samolyoti havoda kutilmaganda garovga olish holatlarida ishlatiladigan maxsus kodni yuborib, o‘z yo‘nalishini keskin o‘zgartirdi. Bu haqda Ynet va Times of Israel nashrlari xabar berdi.
Parvoz va xavotirli signallar
FlightStats ma’lumotlariga ko‘ra, Boeing 737 MAX 8 rusumli samolyotda amalga oshirilayotgan FZ1073 reysi mahalliy vaqt bilan soat 06:45 da Dubaydan parvoz qilgan va 09:10 da Isroilning Ben-Gurion aeroportiga yetib borishi kerak edi. Dastlab layner xalqaro favqulodda vaziyatni bildiruvchi 7 700 kodini, ko‘p o‘tmay esa kema o‘g‘irlanishi yoki noqonuniy aralashuv holatlarida ishlatiladigan 7 500 kodini uzatgan. Shundan so‘ng kema bir muddat parvoz kuzatuv tizimlaridan g‘oyib bo‘lib, jiddiy xavotir uyg‘otgan.
Isroilning reaksiyasi
Layner bortida jami 180 ga yaqin yo‘lovchilar bo‘lib, ularning 150 dan ortig‘ini Isroil fuqarolari tashkil qilgan. 7 500 kodi olingach, Isroil harbiy havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari vaziyatni nazorat qilish uchun zudlik bilan havoga ko‘tarilgan. Ayni vaqtda mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Isroel Kats yuzaga kelgan holat bo‘yicha favqulodda maslahatlashuvlarni boshlab yuborgan.
Voqeaning sababi
Ketma-ket yuborilgan signallardan so‘ng layner Saudiya Arabistoni hududi uzra burilib, mamlakat shimoli-g‘arbidagi Tabuk shahri aeroportiga xavfsiz qo‘ngan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu favqulodda holatga terrorchilik xuruji emas, balki ekipaj a’zolari o‘rtasidagi janjal sabab bo‘lgan.
Parvoz vaqtida uchuvchi boshqa bir ekipaj a’zosi bilan jismoniy to‘qnashuvga kirishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ekipaj a’zolari havoda mushtlashib ketishgan.
Avvalroq Kursiv nashri Embraer O‘zbekiston uchun ilk C-390 Millennium samolyotini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.