Allure jurnali 2026-yilning eng yaxshi kosmetik vositalari nomini e’lon qildi

30-sentabr 2026 15:17 eʼlon qilindi

(30-sentabr 2026 23:10 yangilandi)
Dilobar Yoʻldosheva

Dilobar Yoʻldosheva

Muxbir
Foto: allure.com

Amerikaning Allure jurnali 2026-yilgi Best of Beauty tanlovi doirasida teri parvarishi bo‘yicha eng yaxshi mahsulotlarni e’lon qildi. Ro‘yxatga yuz tozalash vositalari, serumlar, toniklar, namlantiruvchi kremlar, niqoblar, aknega qarshi vositalar va SPF mahsulotlari kiritildi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, mahsulotlarni baholashda faqat ularning reklama va’dalariga emas, balki tarkibiga, klinik sinovlar mavjudligiga va tahririyat a’zolarining amaliy tajribasiga ham e’tibor qaratilgan. Natijada 42 ta mahsulot g‘olib deb topildi.

Koreya kosmetikasi ham ro‘yxatdan joy oldi

Yuzni tozalash vositalari orasida Beauty of Joseon Ginseng Cleansing Oil eng yaxshi deb topildi. Allure uning tarkibidagi jenshen va bir nechta o‘simlik moylari terini quritmasdan makiyajni tozalashga yordam berishini qayd etdi.

Foto: allure.com

Toniklar orasida esa Laneige Cream Skin Toner & Moisturizer tanlandi. Mahsulot tarkibidagi peptidlar va seramidlar terida namlikni saqlashga yordam berishi bilan ajralib turadi.

Shuningdek, Glow Recipe PDRN + Repair + Soothe Korean Toner Pads ham ro‘yxatga kiritilgan. Undagi PDRN komponenti nok kaktusi va oq guruchdan olinadi. Nashr bu modda teri yangilanishini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini, biroq uning samaradorligi bo‘yicha ilmiy xulosalar hali yetarli emasligini ta’kidladi.

Foto: allure.com

Ta’sirchan teri uchun top mahsulotlar tanlangan

Eng yaxshi gel-tozalovchi vosita sifatida Youth to the People Adaptogens Supershroom Calm Cleanser qayd etildi. Uning tarkibidagi lipidlar va seramidlar terining himoya qatlamini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan.

Foto: allure.com

Krem ko‘rinishidagi tozalovchilar orasida La Roche-Posay Toleriane Moisturizing Milky Facial Cleanser tanlangan. Allure bu mahsulotni, ayniqsa, quruq va sezgir teri uchun yumshoq formulasi bilan ajratib ko‘rsatgan.

Foto: allure.com

Yuz spreylari orasida esa Tower 28 SOS Rescue Spray g‘olib bo‘ldi. Tarkibidagi gipoxlor kislotasi qizarish va teridagi yallig‘lanishni kamaytirishga yordam berishi mumkin. Mahsulot AQSh Milliy ekzema assotsiatsiyasining maxsus belgisiga ham ega.

Foto: allure.com

C vitaminli vositalar va serumlarga ham talab oshmoqda

Serumlar toifasida InnBeauty Project Pro C Serum Brightening Solution eng yaxshi antioksidant serum sifatida tanlandi. Unda C vitaminining bir necha shakli hamda ferul kislotasi mavjud. Ular pigment dog‘lari ko‘rinishini kamaytirish va terini tashqi ta’sirlardan himoyalashga qaratilgan.

Foto: allure.com

Eng yaxshi eksfoliantlar, ya’ni terini tozalab, yangilovchi vositalar orasida esa Rose Ingleton MD SuperFruit Exfoliating Tonic ajratib ko‘rsatildi. Uning tarkibida 8% glikol kislotasi bo‘lib, mahsulot teri yuzasidagi o‘lik hujayralarni ketkazish, pigment dog‘lari va notekis teksturani kamaytirishga mo‘ljallangan.

Foto: allure.com

Avvalroq «Kursiv» Mo‘ynoqda tuya sutidan oziq-ovqat va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarilayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek