Honor Magic 9 sun’iy intellekt smartfoni sifatida sertifikat oldi

30-sentabr 2026 15:03 eʼlon qilindi

(30-sentabr 2026 22:51 yangilandi)
Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Honor Magic 9 sun’iy intellekt smartfoni sifatida sertifikat oldi
Foto: Huaweicentral

Honor kompaniyasi Honor Magic 9 seriyasidagi smartfonlar «haqiqiy sun’iy intellektli smartfonlar» sifatida tegishli sertifikat olganini ma’lum qildi. Kompaniya bu qurilmalarni ushbu maqomga ega bo‘lgan ilk Honor smartfonlari sifatida taqdim etmoqda.

Honor «haqiqiy AI-smartfon» deganda nimani nazarda tutmoqda

Honor bosh direktori Li Szyanning aytishicha, smartfonga bir nechta sun’iy intellekt ilovalarini o‘rnatishning o‘zi yetarli emas.

Uning ta’kidlashicha, bunday qurilma foydalanuvchining niyat va odatlarini tizim darajasida aniqlashi, turli ilovalar o‘rtasida vazifalarni mustaqil bajarishi hamda tegishli sanoat standartlariga javob berishi kerak.

Kompaniya Magic 9 seriyasidagi imkoniyatlarni ko‘p yillik apparat ishlanmalari, tizimli sun’iy intellekt va MagicOS rivoji bilan bog‘lamoqda.

YOYO tizim darajasidagi AI-agentga aylantirildi

Magic 9 seriyasida MagicOS 11 va yangilangan YOYO yordamchisi asosiy rol o‘ynaydi.

Honor ma’lumotiga ko‘ra, YOYO oddiy ovozli yordamchidan turli ilovalarda vazifalarni bajarishga qodir tizim darajasidagi sun’iy intellekt agentiga aylantirilgan.

Kompaniya MagicOS 11’da Agent Harness texnologiyasi tijoriy tarzda joriy etilganini ham qayd etgan.

«Birinchi» degan da’vo avval ham ishlatilgan

Honor’ning bunday ta’rifi birinchi marta qo‘llanayotgani yo‘q. 2024-yilda kompaniya Honor Magic 7 modelini ham «haqiqiy sun’iy intellektli telefon» sifatida taqdim qilgan edi.

O‘sha taqdimotda smartfon ovozli topshiriq orqali qahva buyurtma qilish, yetkazib berishni rasmiylashtirish va to‘lovni taklif qilish kabi vazifalarni bajargani namoyish etilgan.

Shuningdek, 2026-yilda boshqa ishlab chiqaruvchilar ham o‘z qurilmalarini «ilk AI-smartfon» sifatida taqdim qilgan. Xususan, Nubia NaviX Ultra’ni «dunyodagi birinchi AI-smartfon», StepFun esa StepX Neo’ni mustaqil ko‘p bosqichli vazifalarni bajaruvchi ommaviy AI-smartfon sifatida e’lon qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Honor Magic 9 Pro Max xalqaro bozorda sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek